Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatiladi

14:18 23 Noyabr 2023 Jamiyat
274 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Hukumat qarori (612-son, 20.11.2023-y.) bilan “Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamenti” qabul qilindi.

Unga koʻra, ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXP (my.gov.uz)da roʻyxatdan oʻtadi.

Arizalar YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.

Ariza beruvchidan tegishli maʼlumotnoma turi boʻyicha belgilangan maʼlumotlar va hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Arizani koʻrib chiqish uchun belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga belgilangan yigʻimning 50 foizi miqdorida chegirma qoʻllaniladi.

Notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻimni toʻlamaslik davlat xizmatlarini koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Davlat xizmatlarini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.

Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan xizmat koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi. Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.

Tegishli soʻrovnoma toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.

Davlat xizmatlari markazi maʼlumotnoma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Vakolatli organ tomonidan rasmiylashtirilgan maʼlumotnomada notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ariza beruvchi 15 kun ichida yigʻim toʻlamasdan belgilangan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер