Jinoyatlarni fosh etishda genom axborotlaridan foydalaniladi

11:42 15 Oktyabr 2020 Siyosat
1165 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 14-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida deputatlar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Xalq vakillari dastlab “Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda muhokama qildilar.

Taʼkidlash joiz, keyingi yillarda yurtimizda fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tizimda samaradorlikni taʼminlash maqsadida zamonaviy usul va texnologiyalardan foydalanilmoqda. DNK maʼlumotlari, yaʼni genom axboroti maʼlumotlar bazasi ham jinoyatchilikka qarshi kurashishda samarali vosita hisoblanadi. Ushbu maʼlumotlar yordamida jinoyatlarni fosh etishda yuqori samaraga erishish mumkin.

Majlisda deputatlar tomonidan taʼkidlanganidek, genom axboroti maʼlumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi fosh etish murakkab, oʻta ogʻir boʻlgan yoki muqaddam ochilmagan jinoyatlarni ochishga koʻmaklashadi, shuningdek, genom axborotining yagona maʼlumotlar bazasi yaratilishi bedarak yoʻqolgan shaxslarni topish imkonini beradi.

Qonun loyihasi bilan genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish doirasidagi vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari, genom axborotini yigʻish, unga ishlov berish va himoya qilishning asosiy talablari, genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish tartibini va biologik material va genom axborotini olish, qayd etish, saqlash, undan foydalanish va uni yoʻq qilib tashlash tartibi belgilanmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi sodir etilgan jinoyatlarni biologik ashyoviy dalillar yordamida fosh etishga koʻmaklashib, sud-tergov organlarining isbotlov bazasini mustahkamlaydi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер