Jigar kasalliklarini tadqiq etish uchun “tirik” model yaratildi

10:15 25 Fevral 2023 Jamiyat
1050 0

Jigarning yogʻ bosishi (yogʻli gepatoz) — tobora keng tarqalayotgan kasallik. Dunyo aholisining toʻrtdan bir qismida bu dard alomatlari uchraydi. Xastalik asosan notoʻgʻri ovqatlanish, kam harakatlilik tufayli yuzaga keladi.

Shuningdek, qandli diabet, gormonal almashinuv buzilishi va genetik kasalliklar ham ushbu muammoning omili. Xavotirli jihati, mazkur holat bora-bora jigar yalligʻlanishi va disfunksiyasiga olib kelishi mumkin.

Taassufli jihati, olimlar bu kasallikni tadqiq etish uchun mos keladigan sinov vositalariga ega emas. Chunki tajriba oʻtkaziladigan sichqonlarda yogʻli gepatoz butunlay boshqacha kechadi.

Shu sababli izlanuvchilar maxsus model — organoidlarni yaratishga muvaffaq boʻldi. Ular inson yoki hayvon aʼzolarining tirik hujayralaridan shakllantirilgan. Muhimi, organoidlar funksional va shakliy jihatdan tabiiy muqobili bilan bir xil.

Bu vositalar yordamida yogʻli gepatoz uch usul — yogʻ kislotalari bilan hujayralarni “oziqlantirish” va genomni sunʼiy tahrirlash natijasida yuzaga kelgan ikki turli genetik mutatsiyadan foydalanish orqali modellashtirildi.

Shundan soʻng tadqiqot mualliflari dorilarning ushbu kasallikka taʼsirini oʻrganishga kirishdi. Maʼlum boʻlishicha, genetik mutatsiyalar tufayli “yuzaga kelgan” xastalikda organoidning tibbiy preparatlarga reaksiyasi boshqacha boʻldi.

Natijada yogʻli gepatoz bilan kurashish uchun eng samarali dori-darmonlar turkumi aniqlab olindi. Endi ular klinik sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtsa, tibbiy amaliyotga qoʻllash uchun tavsiya etilishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер