Jerar Depardye suratga olish ishlarini koʻhna Xivada davom ettirmoqda
Mashhur fransuz aktyori, Oʻzbekistonning Fransiyadagi turizm elchisi Jerar Depardye “Ipak yoʻli” hujjatli filmining suratga olish ishlarini koʻhna Xivada davom ettirmoqda. Ushbu film “Paris Premiyere” buyurtmasi asosida “B-Tweyen” fransuz kompaniyasi bilan birgalikda tayyorlanmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Marketing boshqarmasi vakili Sherzod Sultonovning aytishicha, Jerar Depardye boshchiligidagi tasvirga olish guruhi Xiva shahridagi “Ichan-qalʼa” davlat muzey qoʻriqxonasidagi Koʻhna ark, Pahlavon Mahmud majmualari, Qozi Kalon madrasasi, Kalta minor yodgorligi va boshqa diqqatga sazovor joylarini tasvirga olishdi. Shundan soʻng, hunarmandlar faoliyati, xalq oʻyinlari bilan tanishdi, shuningdek, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Xorazm viloyati boʻlinmasining raqqosalari ijrosidagi “Lazgi” raqsini tasvirga muhrlashdi.

Jerar Depardye Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov bilan koʻrishdi. Viloyat hokimi mehmonga Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib etishdagi jonbozligi uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, filmni suratga olish jarayonlari Oʻzbekistonning 5 ta shahri - Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Nukusda olib borilib, 26-noyabrda yakunlanishi moʻljallangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring