Janubiy Koreyada ishga ruxsat berish tizimini joriy etish boʻyicha xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi
Shu yil 9-11-avgust kunlari Janubiy Koreyaning Pusan shahrida Janubiy Koreya mehnat vazirligi hamda Inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRD Korea) tomonidan ishga ruxsat berish tizimini (EPS) joriy etish boʻyicha xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda Koreya Respublikasi mehnat vaziri Li Chon Cik, inson resurslarini rivojlantirish xizmati prezidenti Kim Yon Djun, Pusan shahri meri Pak Xon Djun va E-9 vizasi bilan fuqarolarini Janubiy Koreyaga ishga joʻnatuvchi 16 davlatning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida HRD Korea tomonidan tashkil etilgan Ishga ruxsat berish tizimining (EPS) yutuqlari va muammolari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Jumladan, Janubiy Koreyada EPS-Topik tizimi bundan 19 yil oldin tashkil qilinganligi, bugungi kunda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Filippin, Nepal, Bangladesh, Pokiston, Indoneziya, Kambojiya, Laos, Vetnam, Xitoy, Moʻgʻuliston, Tayvan, Sharqiy Timor, Myanma va Shri-Lanka fuqarolarini mamlakatning turli sohalariga ishga jalb qilgan holda muvaffaqiyatli oʻz faoliyatini yuritib kelayotganligi qayd etildi.
Janubiy Koreya statistika boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda mehnatga layoqatli aholi sonining kamayishi yaʼni ishchi kuchining qarishi va tugʻilish sonining keskin pasayishi malakali kadrlar yetishmovchiligiga olib kelmoqda. Bu esa oʻz navbatida, xorijlik malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni ortishiga sabab boʻlmoq. Shu bois ham sanoatning turli sohalarida ishchi kuchi yetishmovchiligining oldini olish chorasi sifatida hukumat tomonidan qator chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Konferensiyada malaka talab qilmaydigan E-9 ishchi vizasi asosida EPS-Topik tizimi tashkil qilingandan bugungi kunga qadar yuqorida nomi keltirilgan 16 davlatdan jami 860 ming nafar ishchi kuchi Janubiy Koreyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borib, sanoatning turli sohalarida faoliyat yuritganligi va tajriba oʻrganib oʻz yurtida koʻplab muvaffaqiyatli loyihalarni boshlaganligi ham qayd etildi.
Shundan 260 ming nafardan ortiq E-9 vizasidagi xorijlik ishchilar bugungi kunda Janubiy Koreyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib bormoqda. Joriy yil E-9 vizasidagi ishchi kuchiga boʻlgan talab
110 ming nafarni tashkil qilgan boʻlsa, keyingi yillar uchun kvota hajmining yanada oshishi kutilayotganligi, qolaversa E-9 viza turida ishlashning yangi yoʻnalishlarini ochish rejasi borligi maʼlum qilindi.
Tadbir davomida Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini olib borayotgan chet ellik ishchilar orasida ish vaqtida baxtsiz hodisalarni oldini olish boʻyicha xabardorlikni oshirish yuzasidan “HRDS”, Janubiy Koreya mehnatni muhofaza qilish tashkiloti va 16 davlat vakillari orasida oʻzaro kelishuvga erishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring