Janubiy Koreya hukumati COVID-19 ga qarshi kurashish uchun Oʻzbekistonga 5 million dollar ajratadi
Bugun, 29-iyun kuni Janubiy Koreya hukumati Oʻzbekistonda COVID-19 ga qarshi kurashish uchun 5 million AQSH dollari miqdorida favqulodda yordam koʻrsatishga qaror qildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Shu munosabat bilan ushbu dasturni tez fursatlarda amalga oshirish maqsadida Koreya Respublikasi Xalqaro hamkorlik agentligi (KOISA)ning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilgan.
Ushbu koʻmak doirasida COVID-19 tarqalishiga qarshi kurash, shu jumladan tibbiy muassasalarni asbob-uskunalar bilan jihozlash, kadrlar malakasini oshirish, xususan, tibbiyot sohasi mutaxassislarining zamonaviy bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, COVID-19 haqida maʼlumot beradigan mobil ilovalarni ishlab chiqish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini zarur shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlash kabi turli xil tadbirlar amalga oshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, koronavirus infeksiyasi tarqalishining dastlabki bosqichida mamlakatimizga Koreya Respublikasi ham yordam koʻrsatgandi, xususan, professor Soy Chje Uk va Yun Sing Ju kabi malakali tibbiyot xodimlari mamlakatimizga maslahatchi sifatida kelib, epidemiyaga qarshi kurashda mahalliy mutaxassislarga yordam berdi.
Aprel oyining yakunida esa mamlakatimizga umumiy qiymati 250 ming AQSH dollariga teng boʻlgan diagnostika toʻplamlari taqdim etildi. Iyul oyida 300 ming dollardan ortiq qiymatga ega 35 million dona tibbiy niqob (KF 80/94) yuborilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, KOISA, Koreya Respublikasining xalqaro sogʻliqni saqlash va tibbiyot jamgʻarmasi, Koreya Respublikasi suv resurslari korporatsiyasi va Koreya Respublikasining yer va uy-joy korporatsiyasi kabi turli xil tashkilotlari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun oziq-ovqat va tibbiy buyumlarni yetkazib berish orqali oʻz yordamlarini taqdim qilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring