Jamshid Xodjayev Turkiya uy-joy qurilish boshqarmasi (TOKI) rahbari Oʻmer Bulut va bir qator yirik turk kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi
Joriy yilning 28-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi doirasida Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkiya uy-joy qurilish boshqarmasi (TOKI) rahbari Oʼmer Bulut va bir qator yirik turk kompaniyalari rahbarlari: Ahmet Cengiz (Jengiz Holding), Hakki Akila (Chalık Holding), Juneyt Uygun (AKSA Enerji)larni qabul qildi. Muzokaralarda amalga oshirilayotgan joriy qoʻshma loyihalar hamda yangi investitsiyaviy tashabbuslarni hayotga tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi.
Oʼmer Bulut bilan suhbat chogʻida Turkiyada qoʻllanilayotgan, keng aholi qatlamini uy-joy bilan taʼminlashga moʻljallangan ijtimoiy uy-joy qurilishi tizimining samarali mexanizmi oʻrganildi. TOKI rahbari Turkiyaning ilgʻor tajribasini Oʻzbekistonda joriy etishda barcha zarur yordamni koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.
Jengiz Holding direktorlar kengashi aʼzosi Ahmet Jengiz bilan Oʻzbekiston energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Korxona rahbariyati mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholab, kimyo va togʻ-kon sanoati, energetika va qurilish sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Aksa Enerji boshqaruv kengashi aʼzosi Juneyt Uygʼun bilan 290 million dollarlik joriy loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Turkiya tomoni Oʻzbekistonning qator hududlarida elektr stansiyalari, gaz taqsimlash tizimlarini qurish va modernizatsiya qilishda, shuningdek, birgalikda elektr generatorlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va mamlakatning tarixiy shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar qurishda ishtirok etishga qiziqishini bildirdi.
Xuddi shunday ruhda Chalik Holding kompaniyasi boshqaruvi aʼzosi Haqki Akil bilan ham suhbat boʻlib oʻtdi. Kompaniya Oʻzbekistonda 250 million dollarlik koʻp tarmoqli biznes markazini qurish loyihasini amalga oshirmoqda. Qayta tiklanadigan energetika sohasida yangi loyihalarni oʻrganish va ishlab chiqish, shuningdek, Oʻzbekistonda DXSH asosida tibbiyot muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuvlar yakunida loyihalarni amalga oshirishning moliyaviy va texnik jihatlarini batafsil muhokama qilish va ishlab chiqish uchun joriy yilning noyabr oyida kompaniyalar vakillarining Oʻzbekistonga tashriflarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring