Jamoatchilik takliflari ijtimoiy ahamiyat kasb etyaptimi?
Foto: Illustrativ foto
Buxoro viloyati moliya boshqarmasida shu yilning 3-4-fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilgan masalalar, maʼqullangan qonunlar mazmun- mohiyati, ularning aholi turmush darajasini yaxshilashdagi oʻrniga bagʻishlangan muloqot boʻlib oʻtdi.
Moliya sohasi mutaxassislari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalari aʼzolari ishtirok etgan tadbirda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyev soʻz olib, qonunlarning joylardagi ijrosi, yer munosabatlari borasida amalga oshirilayotgan huquqiy oʻzgartishlar, xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash, boquvchisini yoʻqotganlarga, shuningdek, farzandi oliy oʻquv yurtlarida toʻlov – shartnoma asosida tahsil olayotgan ehtiyojmand oilalarga yaratilayotgan shart – sharoitlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, davlatimiz rahbarining “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora – tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga alohida urgʻu berildi.
— Mazkur qarorga asosan 2021-yilning 1-iyulidan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman va shaharlar byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining eng kam miqdorini 10 foizdan 30 foizga oshirish belgilab qoʻyildi, — deydi tadbir ishtirokchisi, xalq deputatlari Kogon tuman Kengashi kotibi Zamira Jabborova. — Ushbu mablagʻlar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirilmoqda. Natijada aholini koʻp yillardan buyon qiynab kelayotgan ijtimoiy masalalar oʻz yechimini topmoqda. Masalan, tumanimizda joriy yilda xizmat koʻrsatish sohasining oʻzida 1 ming 756 ta ish oʻrni yaratiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2021-yil davomida fuqarolar tomonidan “Ochiq byudjet” axborot portaliga 5651 ta taklif kiritildi. Ushbu takliflarga 74111 ta ovoz berildi. Eng koʻp ovoz toʻplagan 152 ta taklif gʻolib deb topildi. Ularning asosiy qismi ichki yoʻllarni taʼmirlash bilan bogʻliqdir. Umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga doir takliflar esa 28 ta. Ana shunday ijtimoiy ahamiyatga ega takliflar joylardagi dolzarb masalalarni hal etishda qoʻl kelmoqda.
Muloqotda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab masalalar yuzasidan fikrlashib oldilar.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring