Jamoatchilik fikrining taʼsir kuchi oshadi

15:24 27 Aprel 2020 Siyosat
1594 0

2017-yilning boshida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini taklif etar ekan, xalq bilan birgalikda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek yuksak maqsadni koʻzlagandi.

Strategiyaning beshta yoʻnalishi bir-biri bilan chambarchas bogʻliq va bir-birini taqozo etadi. 2021-yilgacha boʻlgan muddatda belgilangan vazifalarni baravar bajarishgina qoʻyilgan maqsadga muvaffaqiyatli erishishni kafolatlaydi.

Maʼlumki, vakillik hokimiyati shakllanishida ishtirok etish va deputatlar orqali ijro hokimiyati organlarining faoliyatiga taʼsir koʻrsatish fuqarolarning muhim siyosiy huquqlaridir. Lekin ularning xohish-irodasi shular bilan cheklanib qolmasligi kerak.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlarning hozirgi bosqichida jamoatchilik boshqaruvining roli sezilarli darajada oshmoqda. Mamlakatimiz rahbari Oliy Majlisga yoʻllaydigan Murojaatnomalarida bu muhim masalaga alohida eʼtibor qaratiladi.

Keyingi yillarda “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi, “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlarning qabul qilinishi jamoatchilik boshqaruvining meʼyoriy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga yordam berdi.

Prezidentimizning qabul qilgan qator farmon va qarorlari asosida jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda fuqarolik jamiyati institutlari va bevosita fuqarolarning ishtirokini kengaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

2020-yilning 11-fevral kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida fuqarolik jamiyati institutlari faollashtirilishiga qaramay, ularning aksariyati, ayniqsa, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati rasmiyatchilikdan iborat boʻlib qolayotgani, ular fuqarolar ishtiroki va fuqarolar tashabbusini rivojlantirishga yetarlicha taʼsir koʻrsatmayotgani qayd etildi.

Bu holat jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat va jamiyat oʻrtasida yaqin hamkorlikka asos boʻluvchi prinsipial jihatdan yangi jamoatchilik institutlarini shakllantirish zarurati paydo boʻldi. Prezidentimizning 2020-yil 16-apreldagi farmoniga asosan tashkil etilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasi ana shunday muhim institutlardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Oʻziga xos yangi vakillik organi sifatida tashkil etilayotgan Jamoatchilik palatasi hamda hududiy jamoatchilik palatalari jamiyat rivojiga hissa qoʻshgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor boʻlgan fuqarolar orasidan shakllantiriladi.

Palataga muhim vakolatlar berildi, shu bilan birga, yangicha protsessual mexanizmlar joriy etilishi koʻzda tutildi.

Birinchidan, joriy yilning oʻzida parlament palatalarida Jamoatchilik palatasi tomonidan jamoatchilik uchun dolzarb boʻlgan masalalar yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish va tahlil natijalarini har chorakda parlament palatalarida koʻrib chiqish amaliyoti joriy etiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlarida hududiy jamoatchilik palatalari tomonidan oʻrganilgan muhim masalalar boʻyicha ham shunday amaliyot yoʻlga qoʻyiladi.

Ikkinchidan, Jamoatchilik palatasi jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda parlament bilan bir darajaga koʻtariladi.

Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta dolzarb masalalarga doir meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari Jamoatchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun yuborilishi tartibi joriy etilishi natijasida Jamoatchilik palatasi norma ijodkorligi jarayonining bevosita ishtirokchisiga aylanadi.

Toʻrtinchidan, Jamoatchilik palatasiga davlat organlari huzurida tashkil etiladigan nodavlat notijorat tashkilotlarga nisbatan muvofiqlashtiruvchi vazifasining berilishi jamoatchilik boshqaruvi taʼsirchanligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, davlat hokimiyati organlari oʻz faoliyatini nodavlat notijorat tashkilotlarining mustaqilligi va ular faoliyatiga aralashmaslik prinsiplariga qatʼiy rioya qilgan holda, Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikda amalga oshirishi ham alohida ahamiyatga ega.

Jamoatchilik palatasi faoliyati mazmun-mohiyati, unga muhim vakolatlar berilishi Xalq demokratik partiyasining asosiy gʻoyalari va dasturiy maqsadlariga hamohangligini alohida taʼkidlash zarur. Jamoatchilik fikri va takliflari palata orqali davlat boshqaruvining eng yuqori organlariga olib chiqilishi joylarda ijtimoiy masalalar samarali hal etilishiga xizmat qiladi.

“Jamiyat – islohotlar tashabbuskori”, degan gʻoya roʻyobga chiqishi uchun yangi mexanizm yaratilishi mamlakatimizda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirishga, davlat va jamiyat hayoti bilan bogʻliq dolzarb masalalarda qarorlar qabul qilishda nodavlat tashkilotlarning taʼsir kuchi oshishiga asos boʻladi.

Ulugʻbek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

OʻzXDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер