Jahonning eng nufuzli tashkiloti Oʻzbekiston tashabbusini toʻla qoʻllab-quvvatladi

20:21 19 May 2021 Siyosat
1027 0

Orol dengizi oʻz vaqtida dunyoda kattaligi jihatidan toʻrtinchi oʻrinda turganini yaxshi bilamiz. Yaqin oʻtmishda uning maydoni orollar bilan birga deyarli 68,0 ming kv. km.ni, suvining hajmi 1000 kub km. ni tashkil etgan. Eng muhimi, minglab odamlarning ish joyi, rizqi boʻlgan bu dengiz.

Shu bois, keyingi yillarda Orol dengizini saqlab qolish borasida misli koʻrilmagan tajribalar qoʻllanilib, dengiz oʻrnidagi sahroni oʻrmonga aylantirish boʻyicha katta ishlar qilinmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu ekologik muammoni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratilib, Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholining turmush darajasini yaxshilash boʻyicha keng miqyosli loyihalar hayotga tatbiq etildi.

Bugun amalga oshirilayotgan ishlarni sanab oxiriga yetish qiyin. Oʻtgan vaqt ichida bu darajada katta ishlar qilinadi, deb hech kim oʻylamagandi. Buning natijasini odamlar ishli boʻlayotgani, roʻzgʻoriga baraka kirayotgani, aholining hayotga munosabati oʻzgarib borayotgani misolida koʻrib turibmiz. Zero, Orol inqirozining atrof-muhit va bu yerda yashayotgan millionlab aholi hayotiga halokatli taʼsirini kamaytirish bugungi kunning eng muhim vazifasidir.

Shuni inobatga olgan holda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida bu borada oʻtkir va dolzarb xalqaro tashabbuslarni ilgari surgan edi. Bu Oʻzbekistonning BMT doirasidagi muhim xalqaro tashabbuslar ijodkoriga aylanib borayotganini dunyo jamoatchiligiga yana bir bor namoyon etgandi, oʻshanda.

Davlatimiz rahbari nufuzli xalqaro anjuman ishtirokchilari eʼtiborini Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratib, Orolboʻyi hududida mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi oʻsimlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilayotganini bildirgandi.

Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolboʻyi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi boʻyicha Koʻp tomonlama sheriklik Trast fondi tuzilganini aytib, ushbu fond ogʻir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam koʻrsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi boʻlib xizmat qilishini taʼkidlagan edi.

Prezidentimizning sessiyada “Biz Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq boʻlardi”, deya ilgari surgan takliflari BMT va xalqaro jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olingandi.

Joriy yil 18-may kuni boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining navbatdagi yalpi majlisida Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish toʻgʻrisidagi hujjat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullangani Oʻzbekiston Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilish va mavjud xavf-xatarlarning oldini olish borasida muhim tadbirlarni amalga oshirayotgani va bu borada toʻgʻri yoʻldan borayotganini anglatadi.

Binobarin, hujjatga dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlat, shu jumladan, Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Afgʻoniston, Turkiya, Yaponiya, Pokiston, Eron Hindiston, Misr, Malayziya, Singapur, Vyetnam, Bangladesh, Iordaniya, Oʻmon, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Vengriya, Ruminiya, Jazoir, Paragvay va boshqa mamlakatlar hammualliflik qilishdi.

Bugun dunyodagi muhim va dolzarb masalalardan biri ekologik muammolardir. Orol halokatining salbiy asoratlarini yumshatishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlardan koʻzlangan maqsad bitta – shu hududda yashayotgan aholida tushkunlik kayfiyati yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik, ularga munosib hayot kechirishi, oʻz biznesini rivojlantirishi, yangi ish oʻrinlari hamda daromad manbalari bilan taʼminlanishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishdir.

Xulosa oʻrnida aytganda, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilinishi chindan-da tarixiy voqea boʻldi. Shu jihatdan Oʻzbekistonning Orol va Orolboʻyidagi murakkab ekologik vaziyatni yaxshilash, ushbu hududda barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan barcha tashabbuslari BMT tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlanmoqda, deb baralla ayta olamiz.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik  palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер