Jahon muzqaymoq bozorida oʻsish kuzatilmoqda
Soʻnggi yillarda global muzqaymoq bozori muttasil oʻsib bormoqda va turli tahlil agentliklari prognozlariga koʻra, yaqin kelajakda CAGR 4-8 foizga oshadi.
2018-yilda jahon muzqaymoq bozori salkam 58 milliard dollarga baholangan va “Statista” prognoziga koʻra, 2024-yilga kelib uning qiymati 75 milliard dollarga koʻtariladi. IMARC Group esa 2022-yilga kelib bozor hajmi 78 milliard dollarga chiqishini taxmin qilmoqda.
2019-yilda global muzqaymoq eksporti hajmi 4,1 milliard dollarni tashkil etdi. Eng yirik eksportchilar Fransiya (557 million dollar), Germaniya (556 million dollar), Belgiya (423 million dollar) va Gollandiya (315 million dollar), undan keyin AQSH (250 million dollar) hisoblanadi.
Shu bilan birga, Yevropa mamlakatlari muzqaymoq importi boʻyicha ham yetakchilikni ushlab turishibdi - bular Germaniya (421 million dollar), Buyuk Britaniya (411 million dollar) va Fransiya (276 million dollar). Ulardan keyingi ulush Xitoy (103 million dollar), AQSH (84 million dollar) va Saudiya Arabistoni (83 million dollar) hissasiga toʻgʻri kelgan.
“Mintel” tahlil agentligi prognoziga koʻra, Xitoyning muzqaymoq bozori oʻrtacha yillik oʻsish surʼati 11,9 foizni tashkil etadi va keyingi besh yil ichida 10 milliard dollarga yetadi. Xitoy bilan bir qatorda Hindiston, Indoneziya, Vyetnam kabi Osiyoning boshqa mamlakatlarida isteʼmolning sezilarli oʻsishi kuzatilmoqda. Fors koʻrfazi mamlakatlari ham istiqbolli bozor boʻlib, ularda ishlab chiqariladigan mahsulotlar (yogurt, past kaloriyali, laktoza qoʻshilmagan muzqaymoq) tendensiyasi faol rivojlanmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring