Jahon chempionatida ishtirok etadigan oʻn sakkizinchi jamoa nomi maʼlum
Kecha, 8-sentyabr kuni Afrika mintaqasida Jahon chempionati saralashining navbatdagi tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Malabo shahrida oʻtgan bahsda Ekvatorial Gvineya terma jamoasi oʻz maydonida Tunis termasini qabul qildi.
Uchrashuv mehmonlarning 0:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyinda kiritilgan yagona golga Misrning “Al-Ahli” jamoasi aʼzosi Muhammad Ali Ben Romdhane mualliflik qildi.
Shu tariqa oʻyinda gʻalaba qozongan Tunis terma jamoasi saralash oʻyinlari yakunlanishiga 3 ta tur qolgan bir vaqtda oʻzining guruhdagi asosiy raqobatchisi Namibiya terma jamoasidan 10 ochkoga oldinlab ketdi. Shu sabab jamoa muddatidan avval mundial masalasini ijobiy hal qildi.
Maʼlumot uchun, bungacha Tunis terma jamoasi 6-marta Jahon chempionatida ishtirok etgan. Soʻnggi mundialda jamoa “D” guruhidan oʻrin olgan va oʻz guruhida uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring