Jahon banki vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 5-sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatiana Proskuriakova boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Norqulov, Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Jasur Karshibayev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiyot va mintaqaviy tadqiqotlar instituti direktori Umid Abidxadjayev hamda mehmonlar tomonidan Jahon bankining oʻtkazmalar boʻyicha menejeri Indu Jon-Abraham, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Rahimjon Assangaziyev, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi Barqaror rivojlanish boʻyicha mintaqaviy direktori Sameh Nagib Vahba, Jahon bankining shahar boʻyicha yetakchi mutaxassisi Mohamed Nada, katta mutaxassisi Rosanna Nitti hamda katta iqtisodchisi Pinar Yashar ishtirok etdi.
Suhbat avvalida tomonlar Oʻzbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu bilan birga, Jahon bankining istiqbolli loyihalari hamda DPO-6 ni ishlab chiqish toʻgʻrisida soʻz yuritdilar.
DPO (Development Policy Operation) bu – mamlakatning inklyuziv va raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga oʻtishini tezlashtiradigan muhim iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishini qoʻllab-quvvatlash uchun Jahon banki tomonidan beriladigan past foizli imtiyozli kredit hisoblanadi.
Bundan tashqari, urbanizatsiya va yer islohoti dasturlarini ishlab chiqish hamda mavjudlarini takomillashtirish masalasi koʻrib chiqildi. Suv tanqis boʻlgan hududlarda muammolarni bartaraf etish, shuningdek, suv yer ostiga sizib ketayotgan kanallarni taʼmirlash yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida vazirlik va Jahon banki mutasaddilari yuqorida qayd etilgan loyihalarni har tomonlama koʻrib chiqib, amalga oshirishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring