Jahon banki Oʻzbekistonga chorvachilik sohasini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish uchun texnik yordam, ilgʻor xalqaro tajriba va 240 million dollar miqdorda mablagʻ ajratadi
Hindistonning “India Education Dictionary” axborot resursida “Jahon banki Oʻzbekistonga mahsuldor, barqaror va bozorga yoʻnaltirilgan chorvachilik sohasini rivojlantirishga yordam beradi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.
Materialda Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirishning ikkinchi loyihasini maʼqullagani, mazkur loyiha butun mamlakat boʻylab sermahsul, raqobatbardosh, inklyuziv va iqlimga chidamli chorvachilik sektorini rivojlantirishga sarmoya kiritishga yordam berishi haqida soʻz yuritilgan.
Nashrda, Jahon banki loyihani amalga oshirish uchun texnik yordam, ilgʻor xalqaro tajriba va 240 million dollar miqdorda mablagʻ ajratishi maʼlum qilingan. Xususan, Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 150 million dollarlik imtiyozli krediti hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 90 million dollar miqdoridagi arzon krediti taqdim etiladi.
“Chorvachilik Oʻzbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri boʻlib, yalpi ichki mahsulotning 13 foizini va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining qariyb 50 foizini tashkil etadi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Qishloq xoʻjaligi xodimlarining qariyb 27 foizi ushbu sohada band”, deb yozadi maqola muallifi.
Keyingi yillarda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish miqdori koʻpaydi. Biroq erishilayotgan koʻrsatkichlar oʻsib borayotgan ichki talabni qondirmaydi, deb taʼkidlagan veb-nashr.
“India Education Dictionary” Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakilatxonasi rahbari Marko Mantovanelli soʻzlaridan iqtibos keltirib, yangi loyiha Oʻzbekistonda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022-2026-yillarga moʻljallangan dasturni amalga oshirishga yordam berishi hamda mazkur tarmoqda mahsulot ishlab chiqarish, mahsuldorlik va daromadlarni oshirishga xizmat qilishini urgʻulagan. “Shuningdek, chorvachilik bilan shugʻullanuvchi fermerlarning, jumladan, dehqon xoʻjaliklarining bozor, ilgʻor texnologiyalar va moliya resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, chorvachilikda ekologik toza, inklyuziv va iqlimga chidamli qiymat zanjirlarini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qaratiladi”, deyiladi maqolada.
Materialda taʼkidlanganidek, loyiha odamlar, chorva mollari va ekotizimlar salomatligiga eʼtibor qaratgan holda “Yagona salomatlik” konsepsiyasini mamlakatda kengroq qoʻllashga koʻmaklashadi.
“Yangi loyiha chorvachilikni qoʻllab-quvvatlash xizmatlarini rivojlantirish, bozor va qoʻshilgan qiymatli infratuzilmani mustahkamlash, savdo-sotiq jarayonini yengillashtirish, chorvachilikda ekologik toza va iqlimga chidamli qiymat zanjirlarini rivojlantirish yoʻnalishlariga investitsiyalar jalb etishni qoʻllab-quvvatlaydi”, deb yozadi “India Education Dictionary”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring