Jahon banki bilan oliy va professional taʼlim sohasiga doir ikki yangi loyiha ishga tushiriladi
13-fevral kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Jahon bankining Mintaqaviy direktori Mixal Rutkovski boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda, shuningdek, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari K. Karimov va vazir oʻrinbosari Sh. Turdikulova hamda boshqa masʼullar ishtirok etdilar.
Uchrashuvda tomonlar oliy va professional taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish va taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini yanada yaxshilash uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalasini muhokama qildilar. Jahon Banki tomonidan ishlab chiqilgan ikki yangi loyiha – 2025–2029-yillarga moʻljallangan “Oliy taʼlimni transformatsiyalash: samarali boshqaruv va taʼlim sifatini taʼminlash” hamda 2025–2029-yillarga moʻljallangan “Iqtisodiy oʻzgarishlar uchun kasbiy taʼlim” loyihalarini yoʻlga qoʻyilishi yuzasidan olib borilayotgan ishlar boʻyicha fikr almashildi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi va Jahon Banki hamkorlikda turli sohalarda keng qamrovli loyihalar loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, Jahon Bankining Xalqaro rivojlantirish assotsiatsiyasi ishtirokida 2017–2022-yillarda “Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Ushbu loyiha doirasida 40 ta OTM 17,6 mln AQSH dollarlik 112 ta oʻquv laboratoriya toʻplamlari va 86 ta OTM 2,3 mln AQSH dollarlik axborot kommunikatsiya texnikalari bilan jihozlandi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 2019–2021-yillarda oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, talabalari va tadqiqotchilari uchun “Elsevier” kompaniyasining elektron bazasidagi 9,08 ming onlayn kitoblar va 704,3 ming onlayn jurnallardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Oliy taʼlimni boshqarishning axborotlashtirilgan tizimi (“HEMIS”) yaratilib, hozirda, barcha davlat oliy taʼlim muassasalarining taʼlim jarayoniga ushbu tizim joriy etildi.
Shuningdek, 2021–2026-yillarga moʻljallangan 50,0 mln dollarlik “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi muvaffaqiyatli davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring