Zarhal harflar bilan yoziladigan tarixiy kun

12:15 14 Noyabr 2020 Jamiyat
1149 0

Inson omiliga boʻlgan eʼtibor, odamlarning turmush sharoitini yaxshilash, xalq bilan muloqotning samarali usullarini joriy etishga qaratilgan saʼy-harakatlar davlatimiz, xususan Prezidentimizning doimiy eʼtiborida. Shu bois ijtimoiy masalalarni oʻz vaqtida hal etish, hamyurtlarimizning hayotiy muammolariga yelkadosh boʻlish mamlakatimizdagi barcha davlat idoralari, jamoat tashkilotlari faoliyatida yaqqol oʻz aksini topmoqda.

Shu yilning 11-noyabr kuni Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining VIII qurultoyi boʻlib oʻtdi. Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan tadbirda mamlakatimizdagi eng yirik jamoat tuzilmasi boʻlgan ushbu tashkilotning 2016-2020-yillardagi faoliyati sarhisob etildi. Yutuqlar alohida eʼtirof etilishi barobarida galdagi ustuvor vazifalar belgilandi.

Yurtimiz tarixida ilk bor Prezidentimiz Kasaba uyushmalari federatsiyasi qurultoyi qatnashchilariga tabrik yoʻllagani, unda 11-noyabrni “Kasaba uyushmalari kuni” deb belgilash taklifi bildirilgani soha faoliyatiga boʻlgan yuksak ishonchdan dalolatdir.

Bu faoliyatimizda zarhal harflar bilan yoziladigan tarixiy kun. Viloyat hokimi, viloyatdagi korxona-tashkilotlar mutasaddilari delegat sifatida ishtirok etgan qurultoyda fargʻonalik soha fidoyilari ham kelgusi faoliyatlarida muhim dasturilamal boʻladigan vazifalarni belgilab oldi. Xotin-qizlar uchun ish oʻrinlari yaratish, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash, hayotbaxsh dasturlar orqali xalqimiz turmush sharoitini yaxshilashga munosib hissa qoʻshish borasida rejalashtirilgan keng koʻlamli ishlar shular jumlasiga kiradi.

2020-yilning oʻtgan davrida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari Kengashi tomonidan 13 ta shahar-tumanda biznes-loyihalarni qoʻllab-quvvatlash orqali 1 ming 379 nafar xotin-qizlar ish bilan taʼminlandi. Buning uchun 5 mlrd. 109 mln. soʻm mablagʻ sarflandi. 19 ta shahar-tumanda 324 nafar ayollarga 417 mln. soʻmlikdan ziyod moddiy yordam koʻrsatildi. Bir nafar ayol uy-joy bilan taʼminlandi, 50 nafariga moddiy yordam ajratildi, 7 nafarining uy-joyi taʼmirlandi. 1 ming 716 ta yangi ish oʻrni yaratilib, bu maqsadlar uchun 6 mlrd. 145 mln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Mushtarak maqsad yoʻlida barchamiz birlashsak, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi yoʻlidagi ezgu tashabbuslarni roʻyobga chiqarishda kasaba uyushmalari tashkilotlarining oʻrni yana-da mustahkamlanaveradi.

Erkinjon NURALIYEV,
Fargʻona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari
birlashmasi kengashi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер