Zamonaviy korxonalar eksport hajmini oshirmoqda

18:33 19 Iyun 2024 Jamiyat
324 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Joriy yilda Samarqand viloyati tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilgan 900 million dollarlik mahsulotni xorijga eksport qilish rejalashtirilgan. Yilning birinchi yarmida 450 million dollardan ortiq sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari eksportga chiqarilishi belgilangan.

Bulungʻur tumani hokimligi investitsiyalar sanoat va savdoni rivojlantirish boʻlimi masʼullarining maʼlumot berishicha, 2023-yilda tumandagi 22 ta korxona tomonidan 13 ta davlatga 49 turdagi 16,2 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilgan. Joriy yilda 3,6 million dollarlik sanoat, 20,3 million dollarlik qishloq xoʻjalik mahsulotlari eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Yanvar may oylarida tumandan 6 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Eksport tarkibi 177 ming dollarlik sanoat va 5,7 million dollarlik meva-sabzavot ulushiga toʻgʻri kelgan.

Tumandagi yirik eksportyor korxonalardan biri “Bulungʻur Sandvik” MCHJ qoʻshma korxonasi, asosan, sabzavot mahsulotlarini quritish, qayta ishlash va eksport qilish bilan shugʻullanadi.

— Korxonamizda yiliga 8 turdagi 40 ming tonna qishloq xoʻjalik mahsuloti 10 bosqichdan oʻtib qayta ishlanadi, — deydi korxona ish yurituvchisi Abbos Moʻminov. — Qayta ishlangan mahsulot AQSH, Germaniya, Kanada, Fransiya, Rossiya, MDH davlatlari va Eronga eksport qilinadi. Hozirda korxonada Italiyadan keltirilgan uskunalar yordamida ish olib borilmoqda. Lekin vaqt oʻtishi bilan har qanday uskunani zamonaviysiga almashtirish ehtiyoji paydo boʻladi. Hozir korxonada bir oyda 655,2 million soʻmlik 728 ming kVt soat, yiliga 4 milliard 320 million soʻmlik 4,8 million kVt soat elektr energiyasi, mavsum davrida 945 million soʻmlik 1 million kub, yiliga 7 million kubdan ortiq tabiiy gaz sarflanadi. Endilikda bu xarajatlarni kamaytirish maqsadida bankning 295 ming dollarlik krediti hisobiga Turkiyadan zamonaviy bugʻ qozoni olib kelindi. Natijada, oyiga 60 ming kub, yiliga 360 ming kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Tumandagi yana bir korxona – “Frutsland eksport” MCHJ yiliga 1 million dollarlik 1-1,5 ming tonna mevani quritish, qayta ishlash va toʻliq eksport qilish bilan shugʻullanadi.

— Korxonamiz 2022-yilda “Kildon” kichik sanoat zonasi hududida tashkil etilgan, — deydi korxona rahbari Oybek Burxonov. — Tasarrufimizda 20 gektar uzumzor bor. Qolgan mevani Sirdaryo, Jizzax, Toshkent va vodiy viloyatlaridan olib kelib, 4 bosqichda qayta ishlangan mahsulotlarni asosan, Rossiya va Ukrainaga eksport qilamiz. Jami 15-20 turdagi mahsulotni qayta ishlaymiz. Eng koʻp talab Rossiyadan mayiz mahsulotiga boʻlyapti. Joriy yil boshidan buyon 500 tonna mahsulot eksport qildik. Yil yakunigacha Moldovadan mevani danagidan ajratadigan uskuna olib kelish va mahsulot hajmini oshirishni rejalashtiryapmiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер