Zalvarli yutuqlar tagzamini ilm-fan, mafkura va maʼnaviyatga quriladi

10:59 20 Aprel 2023 Jamiyat
626 0

Архив фото

“Xalq soʻzi” gazetasining shu yil 11-aprel sonida eʼlon qilingan Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodovning “Millat uchun hayot-mamot masalasi” maqolasi jamiyatimizda, ayniqsa, ilm-fan jamoatchiligi, maʼnaviyat va maʼrifat ulashuvchilar orasida katta aks sado berdi. Chunki unda yangi Oʻzbekistonimiz buguni va kelajagi uchun oʻta muhim boʻlgan masala, yaʼni taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish orqali milliy gʻoyani mustahkamlash masalasi koʻtarilgan.

Shubhasiz, har bir millatning eng katta ustuni — bu uning maʼrifati, maʼnaviyati, ilm-fani taraqqiyotidir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Dunyoqarashni nima oʻzgartiradi — ilm, daromad, manfaat”. Bu yerda ilm bejiz birinchi oʻringa koʻtarilgani yoʻq. Zero, qayerda va qaysi sohada boʻlmasin, erishiladigan zalvorli yutuqlar tagzaminida ilm-fan, mafkura va maʼnaviyat yotadi.

Dunyo mamlakatlariga nazar solsak, AQSH tabiiy qazilma boyliklari, Rossiya oʻrmon fondi, arab mamlakatlari esa neft va gaz resurslariga boy ekanligiga guvoh boʻlamiz. Shu oʻrinda “oʻzimizda-chi?” degan savol tugʻiladi. Baralla aytishimiz mumkinki, bizning eng katta resursimiz, bu — iqtidorli yoshlar!

Oʻzbekiston Respublikasi aholisining 60 foizdan ziyod qismini yoshlar tashkil qiladi. Jamiyatimizning ushbu qatlamdan ertangi kun uchun, kelajak uchun umidlari juda katta. Albatta, bu yoʻlda taʼlim tizimi sifatini yanada yaxshilash, jahon tajribasiga tayangan holda zamonaviy metodlar asosida bilim berish, malakali kadrlar yetishtirish oldimizda turgan eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

“Millat uchun hayot-mamot masalasi” maqolasida aynan taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat sohasida mavjud koʻpgina dolzarb, ogʻriqli nuqtalar keltirilib, ularning yechimi boʻyicha ham takliflar aytib oʻtilgani tahsinga sazovor. Endilikda biz faqatgina fikrlarni oʻqib yoki tahlil qilib emas, balki uni amaliyotga joriy etish tamoyillarini ham oʻylashimiz lozim. Shunday ekan, taʼlim beruvchi va taʼlim oluvchi oʻrtasida munosabatlarni mustahkamlash, ularning muammolarini oʻrganib, bartaraf qilish, ayrim masalalarni yechishga undaydi. Deylik, chaqaloq qorni toʻymasa yigʻidan toʻxtamaganidek, pedagog ham qoniqarli maosh olmasa, bu, oʻz navbatida, ish faoliyatiga sezilarni taʼsir koʻrsatadi va maʼsuliyatsizlikka olib keladi...

Keyin paytda chetdan malakali kadrlarni juda koʻp jalb qilmoqdamiz. Shu bilan birga, oʻzimizning pedagoglarni faqat toifa uchun malakasini oshirish emas, balki chetda ishlashi, malaka oshirishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishimiz lozim. Toʻgʻri, bunday amaliyot bor, ammo ayrim yoʻnalishlar, baʼzi fan tizimlari bu borada hali-hamon oqsayotir.

Shu oʻrinda yana bir fikr. Maktab misolida qaraydigan boʻlsak, oʻqituvchining toifa uchun harakat qilishi, rejadagi dars soat talashishi, diqqat-markazi faqatgina moliyaviy masalani koʻzlagani inson taʼbini xira qiladi. Bu fikrni men besh yildan buyon maktab tizimida faoliyat yuritib kelayotgan bir yosh pedagog misolida aytib oʻtmoqdaman. Afsuslar boʻlsinki, bunday holatlar ayrim qoʻshtirnoq ichidagi oliy taʼlim muassasalarida ham uchrab turishi bor gap.

Yaponiya taʼlimiga nazar solsak, qatʼiy qonun va qarorlar, kuchli sabr va oʻz ustida ishlash eng katta yutuq sanaladi. Ularning taʼlim sohasidagi yuksak natijalarini olamshumul ixtiro va yangiliklar, XXI asrning eng yangi loyihalari koʻrinishida ham bilib olishimiz mumkin. Shu maʼnoda, barcha taʼlim muassasalarida oʻqituvchining reytingini oʻquvchining natijalari belgilab berishi toʻgʻri qarordir. Yoshlarning maʼanaviyatini shakllantirishda ularni boʻsh qoldirmaslik va bunga bevosita ota-ona hamda oʻqituvchi befarq boʻlmasligi lozim.

Professor R. Xolmurodov oʻz maqolasida millat uchun, jamiyat uchun taʼlim tizimi va maʼnaviyatning nechogʻli ahamiyatli, hatto hayot-mamot masalasi ekanligini aniq misol va tahlillar bilan ochib bergan. Unda koʻtarilgan masalalardan toʻgʻri xulosa chiqarib, oldimizga qoʻyilgan asl maqsadni yanada chuqur anglab, avvalo, taʼlim tizimini sifat jihatidan yaxshilay olsak, umummuammolar yechimiga keng yoʻl ochgan boʻlamiz.

Qalandar SAFAROV,

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat

pedagogika universiteti dekani,

biologiya fanlari doktori, professor,

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер