Zafar Xudayberdiyev: Imtiyoz farzandda ota-onasiga, uning mavqeiga nisbatan salbiy fikr uygʻotmasligi kerak
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar idoralari tizimidagi xodimlar farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga kirishda imtiyoz berilishi qanchalik ijtimoiy adolat tamoyiliga toʻgʻri keladi va bunda boshqa kasb egasi boʻlgan shaxslarining farzandlarini qalbi sinmaydimi?, degan savollar muhokama markazida boʻldi.
Ota-onalar bu kasb egalari farzandlariga berilgan imtiyozlar sababini voyaga yetgan oʻz farzandlariga amal-taqal tushuntirishi mumkindir, ular ham noiloj koʻnar, tushunar, lekin masala murgʻak qalblar endigina boshlangʻich sinflarni tamomlab, Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga kirmoqchi boʻlgan bolajonlarga borib taqalganda, bunday imtiyozlar sababini qanday tushuntirasiz?
Ixtisoslashtirilgan maktab-internatda oʻqishga xodimlar va boshqa fuqarolarning umumtaʼlim muassasalarida 4-sinfni tamomlagan farzandlari (oʻgʻil bolalar) har yilgi qabul kvotalariga muvofiq tanlov asosida qabul qilinadi. Bunda, jamoat tartibini saqlashda, jangovar harakatlarda, terrorchilikka qarshi operatsiyalar oʻtkazishda, favqulodda holat tartibini huquqiy taʼminlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan vaqtda halok boʻlgan xodimlarning farzandlari oʻqishga tanlovsiz qabul qilinadi.
Balki tanlovsiz qabul qilinadiganlar toifasiga ota yoki onasi vafotiga ichki ishlar tizimi xodimlarining psixologik va jismoniy bosimi sabab boʻlgan oila farzandlariga ham berilishi adolatdan boʻlar!
Ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻqishga har yilgi qabul kvotasi 50 nafar oʻquvchini tashkil etib, uning 80 foizi xodimlar va 20 foizi boshqa fuqarolar farzandlariga taqsimlanadi.
Demak, kvotada belgilangan 50 nafar oʻquvchining 40 nafari xodimlarning 10 nafari esa boshqa fuqarolar farzandlari boʻlishi kerak. Shu nisbatning belgilanishiyoq teng huquqlilikning buzilishini koʻrsatmaydimi?
Tanlov 100 foiz (qaysi kasb yoki hunar egasining farzandi boʻlishidan qatʼiy nazar) erkin boʻlishi kerak, demoqchi emasman. Agar shunday boʻlsa, boshqa fuqarolar farzandlari uchun belgilangan 20 foizlik kvota ham xodimlar farzandlari bilan toʻlishi mantiqan toʻgʻriroq. Shu sababli bu nisbat hech boʻlmaganda 50/50 boʻlishi kerak.
Endi oʻylab koʻring, kuchli oʻntalikka kira olmagan boshqa fuqarolar farzandlari: «Qani endi mening dadam ham melisa boʻlganda edi...», deb oʻylashi tabiiy. Bu bilan bunday imtiyozlar ortidan farzandda oʻz ota-onasiga, uning mavqeiga nisbatan salbiy fikr uygʻotib qoʻyilmayaptimi?
Balki tanlovsiz qabul qilinadiganlar toifasiga ota yoki onasi vafotiga ichki ishlar tizimi xodimlarining psixologik va jismoniy bosimi sabab boʻlgan oila farzandlariga ham berilishi adolatdan boʻlar!
Zafar Xudayberdiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring