Davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida Prezident Xalq qabulxonasi Qonlikoʻl tumanining “Doʻstlik” mahallasida tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabul ham anchayin gavjum boʻldi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Vazirlar Kengashi, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlari bilan ochiq-jonli muloqotlarda asosan tadbirkorlik, kredit ajratish, yoʻllar taʼmiri, ichimlik suvi, elektr energiyasi taʼminoti, fuqarolik, ijtimoiy himoya bilan bogʻliq koʻplab masalalarga yechim izlandi.
Nukuslik yosh tadbirkor Mehribon Jiyenbayeva non va non mahsulotlari tayyorlab, ichki bozorga yetkazyapti. Faoliyatini kengaytirishi uchun kredit zarur, ammo mablagʻ ajratilishi muammo boʻlib turibdi ekan. Mehribonning murojaatidan soʻng bu masala shu yerda hal qilinib, unga 30 mln. soʻm imtiyozli kredit ajratiladigan boʻldi.
Qonlikoʻlning 3-sektorida joylashgan “Qosjap” ovulidagi 5-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori Guliston Bekimbetovaning Qoraqalpogʻiston ichki ishlar va Suv xoʻjaligi vazirliklari masʼullariga murojaatlaridan soʻng mazkur bolalar bogʻchasi hududini oqar suv bilan taʼminlash uchun nasos uskunasi olib beriladigan boʻldi. Bogʻcha yonidagi ichki yoʻllarni taʼmirlash ishlari esa oʻzida boshlab yuborildi.
Ayni paytda “Kosjap”ning 1,2 km. ichki yoʻllariga qum-shagʻal toʻshalmoqda. Keyingi bosqichda bu koʻchalar asfaltlanib, avvalo, ovul chetidagi maktabgacha taʼlim tashkilotiga keladigan bolalar, ota-onalar va tarbiyachilar uchun qulaylik yaratiladi.
Shumanayning Bekjap ovulida yashovchi Dovutboy Qoʻshimovning ayni shu yoʻnalishdagi masalasi ham joyida hal qilindi.
Mazkur murojaat asosida bugun ovulning Soyali gujum koʻchasi tosh yoʻlga aylantirilmoqda. Bu koʻcha ham ovuldagi maktabu bolalar bogʻchasiga tutash va shu bois ham bu ishlarning amaliy natijasi avvalo ovul yoshlarining kundalik hayotida seziladi.
Qonlikoʻlning “Madaniyat” mahallasida yashovchi Ulugʻbek Toʻraboyev esa mahallasidagi elektr energiyasi taʼminotini yaxshilab berishda amaliy yordam soʻradi. Murojaatdan soʻng aholi vaqtincha oʻrnatgan qoʻlbola simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirilib, yangi tarmoq tortishga kirishildi.
Qoʻngʻirot tumani “Xorazm” ovuli aholisining jamoaviy murojaatlari asosida ovuldagi 600 ga yaqin xoʻjalikning gaz taʼminoti bilan bogʻliq masalasi ham joyiga chiqib oʻrganilib, hal qilib beriladigan boʻldi.
Moʻynoqning Qarajar ovulidan qabulga kelgan Quvonchboy Ajimuratov ham ovuliga quvonchli xabar bilan qaytmoqda. Uning murojaati asosida ovul aholisini chuchuk suv bilan taʼminlash uchun filtrlash uskunasi oʻrnatiladi. Bu bilan qarajarliklar hayotiga ham tom maʼnoda obodlik kirib boradi.
Qonlikoʻllik Sarigul Jalekeyeva murojaatidan soʻng esa “Doʻstlik” mahallasidagi qariyb 160 ta oila farzandlari uchun zamonaviy bolalar maydonchasi qurib berilishi belgilandi.
Moʻynoqdan onasiga shifo izlab kelgan Omongul Oqilbekova ham qabuldan quvonch bilan qaytmoqda. Ogʻir ijtimoiy ahvoldagi ayolning aytishicha, onasida bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladigan, bu boradagi barcha xarajat “Mehr va saxovat” jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladigan boʻlibdi.
Qabullar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj moʻynoqlik Sanjar Qaliyev, xoʻjaylilik Muhabbat Baxiyeva, Aynarxan Oʻtepovaning oliy taʼlim olishi, moʻynoqlik Sayrambek Jumagambetovning esa safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni oʻtashi uchun kontrakt pullari toʻlab berilishi belgilandi. Boquvchisini yoʻqotib, ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan xoʻjaylilik Raisa Mullaniyozova, Shohida Rahmatullayeva, qoʻngʻirotlik Zamira Zarekeyeva, Damegul Jumamurodova, Nargiza Maqsetova, qonlikoʻllik Gulsara Oʻroqboyevaning esa esa uy-joylarini taʼmirlashga amaliy koʻmak beriladigan boʻldi.
Muloqotlar natijasida ogʻir ijtimoiy ahvoldagi oʻnga yaqin ishsiz insonlarga subsidiya hisobidan payvandlash uskunasi, tikuv mashinalari, ularning farzandlariga esa velosipedlar olib berildi. “Ayollar daftari”da turgan qonlikoʻllik Klara Tilovniyozova ham avval ijaraga tikuv mashinasi olib ishlatgan boʻlsa, endi oʻz uskunasiga ega boʻldi. Chevar ayol qabulning ertasigayoq yangi tikuv mashinada ishni boshlab yubordi.
Qonlikoʻlning Doʻstlik mahallasida tongda boshlanib, shom qorongʻisiga qadar davom etgan ommaviy qabulda 393 nafar murojaatchining 433 ta masalasi koʻrib chiqilib, ularning 174 tasi joyida hal qilindi, 43 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish va maslahat berilgan boʻlsa, 216 ta murojaat boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Xalq qabulxonasi nazoratiga olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring