Yuz terisini torttirishda birgina xato falajlikka olib kelishi mumkin — Mutaxassis
SSV Matbuot xizmatining plastik jarrohlik haqidagi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri Bobur Toirovjavob berdi.
— Burun shaklini oʻzgartirish operatsiyalari xavfli emasmi?
— Burun shaklini oʻzgartirish, tugʻma nuqsonlarni bartaraf etish va nafas yoʻllari bilan bogʻliq oʻzgarishlarni oldini olish rinoplastika usulida bajariladi. Shuningdek, burun doʻngligi, shakli qiyshayishi, burun oʻlchamining katta yo kichikligini korreksiya qilish ham mazkur amaliyot sirasidandir.
Muolaja 1,5-2 soat davomida mahalliy anasteziya yoki vena orqali anasteziya yordamida amalga oshiriladi. Operatsiyadan soʻng bir hafta davomida gips bogʻlami taqiladi. Natija 1-1,5 oyda sezila boshlaydi.
Rinoplastika amaliyoti zargarlik ishiga tenglashtiriladi. Sababi burun shakli oʻzgartirilgach, yuz tuzilishiga qanchalik mos kelish-kelmasligini oldindan aytish qiyin. Shifokorlar faqat taxmin qilishadi, xolos.
Ammo natija gips bogʻlami olinib, shishlar tarqagachgina maʼlum boʻladi. Rinoplastika notoʻgʻri bajarilganida esa burunni qayta korreksiyalashga toʻgʻri kelishi ham mumkin. Ammo koʻp martalik qayta oʻtkazilgan amaliyotlar burun kemirchagining buzilishiga olib keladi.
— Yuz terisini taranglashtirish operatsiyalari kutilganidek chiqmasligi ham mumkin, shunday emasmi?
— Toʻgʻri, lifting muolajasining bir turi boʻlgan mezoiplar yordamida terini taranglashtirish, afsuski, doim ham kutilgan natijani beravermaydi. Masalan, bunday muolajadan soʻng gematomalar, terining koʻkarib qolishi, iplar notoʻgʻri joylashganida teri yuzasi tekisligining yoʻqolishi, hatto mezoiplar oʻrni yiringlab ketishi ham mumkin.
Baʼzan shishlar taʼsirida yuz mimikasi harakatiga javobgar nerv tolalari siqilib qoladi. Oqibatda yuzning maʼlum qismi ishlamay qolishi mumkin. Yoki iplar joylashtirilayotganida qaysidir nerv tolasiga tegib ketilsa ham yuz mimikasi yoʻqoladi.
Mezoiplar haddan tashqari tortilgan boʻlsa, yuzning tabiiy koʻrinishi yoʻqoladi. Bunda qoshlar yuqoriga koʻtarilib qolishi, yonoqlar yaqqol ajralib turishi seziladi va baʼzan teri yuzasida toʻlqinsimon burmalar yuzaga keladi.
Amaliyot gigiyena qoidalariga rioya etilmagan holda bajarilsa yoki mutaxassis kerakli malakaga ega boʻlmasa, teriga infeksiya tushishi ehtimoli ortadi. Bu esa oʻtkazilgan muolajadan soʻng ortga qaytarib boʻlmas asoratlar va xunuk chandiqlarni paydo boʻlishiga olib keladi.
Iplar tuzilishiga koʻra farqlanadi. Agar u juda ingichka boʻlsa, maʼlum vaqtdan soʻng yigʻilib qolishi va teri yuzasida sezilishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring