Yurtimizda terapiya va tibbiy reabilitatsiya boʻyicha qanday yangi amaliyotlar yoʻlga qoʻyilmoqda?

14:20 06 Yanvar 2024 Jamiyat
640 0

Bahromjon Alyavi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:

— Muassasamiz ichki kasalliklar, xususan, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak, nafas olish tizimi va revmatologik xastaliklarni davolash, oldini olish hamda reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan.

Bu yerda respublika darajasida 20 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar, viloyat miqyosida 20 hamda tuman darajasida 15 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari joriy qilindi.

Natijada yiliga 500 ming nafar aholiga oʻz yashash hududida malakali tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yuzaga keldi.

Xususan, oʻtgan yili 172 nafar mutaxassisimiz tomonidan viloyatlarga borgan holda, 9824 nafar bemorga amaliy yordam koʻrsatildi.

Teletibbiyot orqali 1289 nafar bemorga tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha onlayn konsultatsiyalar va 1032 nafar fuqaroda konsiliumlar olib borildi.

Markazda ilk bor oʻsimtalarning mikrotoʻlqin ablyatsiyasi, muassasaning Buxoro filialida diabetik oyoq sindromida translyuminal balon angioplastikasi amaliyotlari joriy etildi.

Prezidentimizning tegishli topshiriqlari asosida 2023-2026-yillar davomida:

Hududlarda 500 nafar, markazda 100 nafar va xorijda 30 nafar mutaxassis malaka oshirib, 50 turdagi yangi amaliyotlar oʻzlashtiriladi.

Joylarda tashkil qilinadigan tibbiy koʻriklarda 15 ming nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, xastalik aniqlangan bemorlarga hududning oʻzida ambulator va statsionar yordam koʻrsatiladi.

Markazda ilk bor oʻsma kasalligi (qalqonsimon bez tugunchalari)ning mikrotoʻlqin jarrohlik amaliyoti, Buxoroda diabetik toʻpiqda ballon angioplastikasi yoʻlga qoʻyiladi. Natijada yiliga 300 nafar bemorning yuqori texnologik operatsiyalar uchun xorijga borishiga hojat qolmaydi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Toshkent va Xorazm viloyatlarida gastroenterologik, Sirdaryo, Navoiy, Samarqandda revmatologik kasalliklarni erta aniqlash va reabilitatsiya qilishning zamonaviy usullari amaliyotga tatbiq etiladi.

Joylarda COVID-19 infeksiyasi asoratlari profilaktikasi va erta reabilitatsiyasi joriy qilinib, yiliga 12 ming nafar aholiga hududlarning oʻzida tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.

Natijada bemorlar orasida kasalliklar asoratlarini 20 foizgacha, nogironlikni esa 30 foizgacha kamaytirishga erishiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер