Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik!
Foto: “Xalq so‘zi”
2020 yildan eʼtiboran mamlakatimizda 11 noyabr - Kasaba uyushmalari kuni sifatida belgilangan bo‘lib, ayni sana bilan bog‘liq tantanalar joylarda uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi tomonidan “Sarbon” tantanalar majmuasida “Yurt taraqqiyoti yo‘lida BIRLASHAYLIK” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Qobiljon Qirg‘izaliyev barchani ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy qutlab, kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlantirishda Farg‘onada o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilganini eʼtirof etdilar. Xususan, birgina “Ayollar daftari” bilan ishlash borasida viloyatda 100 ming nafardan ziyod xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatilgani mamnuniyat bilan aytib o‘tildi.
Taʼkidlab o‘tilganidek, o‘tgan davrda kasaba uyushmalari tomonidan barcha sohalarda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal qilish borasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, so‘ngi yillarda kasaba uyushmalari jamiyatning muhim bir bo‘g‘ini sifatida ezgu tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda faollik ko‘rsatmoqda.
Hozirgi kunda Farg‘ona viloyati kasaba uyushmalari tizimida 3,5 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlarda 462 mingdan ziyod faollar fidokorona mehnat qilmoqdalar. Kasaba uyushmalari tomonidan ishchi-xodimlarni kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Bayram tadbirida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan tanlovning “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng yaxshi ayol ish beruvchi”, “Kasaba uyushmalari laureati mukofoti” singari turli nominatsiyalari g‘oliblari diplom, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda 82 nafar kasaba uyushmalari faollari, hamkor tashkilotlar vakillariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Kasaba uyushmalari kuniga 1 yil” ko‘krak nishoni topshirildi.
Tadbir yakunida bayram dasturi namoyish etildi.
Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring