Yunusobod metrosi qurilishida vafot etganlar uchun kompensatsiya toʻlab berilmoqda
Arxiv surat
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining Yunusobod metro liniyasi qurilishidagi fojia oqibatida halok boʻlgan xodimi Zarif Karimovning oilasiga bir martalik nafaqa belgilandi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati bergan xabarga koʻra, Zarif Karimov oilaning asosiy boquvchisi boʻlgani sababli 12-fevral kuni ish beruvchi va “Temiryoʻlsugʻurta” sugʻurta kompaniyasi tomonidan marhumning bevasi Maysara Mavlonovna Irisovaga 281 mln 671 ming soʻm miqdoridagi toʻlovlar oʻtkazib berilgan.
Bundan tashqari, marhumning dafn marosimi xarajatlari uchun 8 mln soʻm ajratilgan. Ayni vaqtda marhumning qaramogʻida boʻlgan besh nafar oila aʼzosining har biriga 650 ming soʻm miqdorida nafaqa har oy toʻlab borilishi boshlangan.
Shuningdek, maxsus komissiya qarori bilan fojia qurboni boʻlgan yana 5 marhumning oilalariga ham bir martalik nafaqa pullari, shuningdek, mehnatga layoqatli boʻlmagan oila aʼzolari uchun oylik kompensatsiya toʻlovlarini belgilagan. Ularga toʻlovlarni mehnat shartnomasini tuzgan firma amalga oshiradi.
Eslatib oʻtamiz, 2019-yilning 18-dekabr kuni Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yoʻnalishida sodir boʻlgan avariya oqibatida 6 nafar quruvchi halok boʻlgan edi.
Oʻsha kuniyoq qurbonlarning har biri uchun ularning oilasiga 100 mln soʻmdan kompensatsiya tayinlangani haqida maʼlum qilindi.
Sodir boʻlgan baxtsiz hodisa maxsus tekshirish komissiyasi tomonidan oʻrganildi. Oʻrganish natijalariga koʻra, baxtsiz hodisaga xandaq qiyalik devorini mustahkamlash ishlari jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, loyihadan chetlanish holati mavjudligi, yogʻingarchilik suvlari hamda oqova quvurlaridan sizib chiqqan suvning intensiv tuproqqa shimilishi sabab boʻlgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring