Yuksak vatanparvarlik gʻoyalari tarannumi
Ong-u tafakkuridagi zakovat, shuuridagi shijoatni hayotning mazmundorligiga yoʻnaltirib, umr daftari atalmish turmush sahifalarini avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan koʻnikma, anʼana va oʻlmas qadriyatlar bilan boyitish insongagina xos fazilat. Umumlashganida maʼnaviyat atalmish mana shu kuch bashariyat evolyutsiyasiga shiddat ato etib, har bir millat uning abadiy chashmalaridan bahra oladi.
Mustaqillik ana shu ulkan maʼnaviy zaxiralarimiz asosida milliy istiqlol maʼnaviyatini yaratish, rivojlantirish, milliy til va madaniyatni taraqqiy ettirish, oʻzlikni anglash, gʻurur, iftixor va vatanparvarlikni oʻstirish imkonini berdi.
— Jamiyat taraqqiyoti va unda maʼnaviy muhit barqarorligida davlat xizmatchilari va rahbar shaxslarning maʼnaviy-axloqiy qiyofasi muhim oʻrin tutadi, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Navoiy viloyati boʻlimi raisi Akram Muqimov. — Tabiiyki, bu kishidan bilim va tajribadan tashqari ajdodlarimizdan meros va bugungi kunda umumbashariy qadriyatlar sifatida eʼtirof etilayotgan odob meʼyorlariga qatʼiy rioya etishni talab etadi. Shu bois donishmandlar yuksak maʼnaviyat yoʻlida Sharq ortga qayrilsa kifoya deyishadi.

Navoiy viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat markazida davlat xizmatchilari uchun buyuk allomalarimiz ilmiy merosini targʻib qilish boʻyicha oʻtkazilgan seminar-treningni ayni yoʻldagi qadamlar sirasiga kiritish mumkin.
Unda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻqituvchilari tomonidan “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosida yuksak insonparvarlik gʻoyalari tarannumi”, “Yoshlarni yot oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalaridan himoya qilish” va “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzularida maʼruzalar qilinib, bugun roʻyi zaminni bezovta qilayotgan muammolar boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
Targʻibot tadbirlari viloyat hududlari boʻylab davom etmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring