Yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanadi

10:58 26 Aprel 2021 Iqtisodiyot
1022 0

Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarish bugungi kunning muhim talablaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ularni ezgu gʻoya va loyihalar atrofida birlashtirish, biznes bilan shugʻullanishga faol jalb qilish uchun zarur sharoitlar yaratish dolzarb vazifadir.

Binobarin, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonini aholining asosiy qismini tashkil etuvchi yoshlar ishtirokisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Demak, band boʻlmagan, jumladan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarni ish bilan taʼminlash, yosh tadbirkorlik subyektlarining sanoat va xizmat koʻrsatish sohalaridagi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash nihoyatda muhim sanaladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va ularni biznesga faol jalb qilishga qaratilgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Qarorda yoshlarga ularning sanoat va xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi loyihalari, tashabbuslari, gʻoyalari amalga oshirilishida koʻmaklashish va qulay shart-sharoitlar yaratish, “startaplar” tashkil etish maqsadida biznes-inkubator vazifalarini amalga oshirishdek muhim ishlarga hududlarda tashkil etilgan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari masʼul etib belgilandi.

Shuningdek, ushbu hujjatga asosan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlashning manzilli dasturi ham tasdiqlanib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi.

Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan 100 million AQSH dollari, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va xususiy moliya kompaniyalarining qarzlari, Jamgʻarmaning boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirishdan tushadigan daromadlar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi.

Jamgʻarma mablagʻlari tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan va importning oʻrnini bosuvchi, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish, xizmatlar koʻrsatish sohasidagi loyihalarni, meva-sabzavot va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, toʻqimachilik, poyabzal va charm-galantereya, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, zamonaviy qurilish materiallari sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tijorat banklariga Yoshlar sanoat zonalari hududida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish uchun binolar qurish maqsadlariga moliyaviy resurslar esa Jamgʻarmaning moliyaviy koʻrsatkichlari va uning resurs bazasidan kelib chiqqan holda beriladi. Jumladan, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tijorat banklariga yosh tadbirkorlik subyektlari uchun bino qurishga beriladigan moliyaviy resurslar milliy valyutada yillik 10 foiz stavkasi miqdorida belgilangan holda taqdim qilinadi.

Qarorda oʻz ifodasini topgan yana bir muhim yangilik – tijorat banklari tomonidan yosh tadbirkorlik subyektlariga binolarni lizing asosida berish milliy valyutada yillik 14 foiz stavkasini qoʻllagan holda amalga oshirilishidir. Bunda yosh tadbirkorlik subyekti boshlangʻich toʻlov sifatida lizingga beriladigan bino qiymatining 10 foizini tashkil qiluvchi qismini toʻlaydi, xolos.

Joriy yilda yoshlarning bandligiga koʻmaklashish, tadbirkorlik gʻoya va tashabbuslarini ragʻbatlantirish, ular munosib daromad olishi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish boʻyicha juda katta marra va muhim vazifalar belgilab olingan boʻlib, bu borada OʻzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan aniq vazifalar ijrosini taʼminlashga qatʼiy bel bogʻlagan.

Biz uchun, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida ishsizlikka yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Bunda biz – ishga joylashish imkoniyatlarini yaratuvchi, bu sohada davlat organlari bilan bir qatorda fuqarolarning masʼuliyatini oshiruvchi, har bir insonning shaxsiy sharoitlarini hisobga oluvchi, oʻziga mustaqil yordam bera olmaydiganlarni qoʻllab-quvvatlovchi faol va taʼsirchan siyosat yuritilishi va ushbu maqsadlarga jamiyat va xususiy sektor resurslari jalb qilinishi tarafdorimiz.

Xulosa oʻrnida aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarorida yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslari, startap-loyihalarini roʻyobga chiqarishga doir muhim vazifalar belgilangan. Demak, ushbu hujjat ijrosini taʼminlash, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda barcha darajadagi rahbarlar qatori biz deputatlar ham faol va tashabbuskor boʻlishimiz kerak. Agar bu sohada aniq tizim asosida ish olib borilmas ekan, jamiyatda, yoshlar hayotida oʻzgarish boʻlmaydi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер