Yoshlar jinoyatchiligi jilovlanadimi?

16:00 31 Iyul 2019 Jamiyat
2579 0

Bugun biz kimdandir yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik haqida eshitsak, qayerdadir ularning tortishuvlariga guvoh boʻlgan holda mazkur holatning faol muhokamachisiga aylanib qolyapmiz. Xoʻsh, bunday huquqbuzarliklarni kimlar sodir etyapti? Nima sababdan ayrim jinoyat turlari voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida keng quloch yozmoqda?

Aksar hollarda jamiyatga nisbatan norozilik kayfiyatida yuradigan, ota-ona nazoratisiz qolgan, nosogʻlom muhitda oʻsayotgan yoki boquvchisini yoʻqotgan voyaga yetmaganlar oʻrtasida badanga ogʻir yoki yengil tan jarohati yetkazish, bezorilik, talonchilik, oʻgʻrilik, bosqinchilik kabi jinoyatlar sodir etish holatlari koʻp kuzatilmoqda.

Bunga ayrimlar jamoatchilik nazoratining sustligi, taʼlimning sifatsizligi va adashib qolgan kadrlarning eʼtiborsizligi hamda masʼuliyatsizligini sabab qilib koʻrsatsa, baʼzilar bolaga taʼlim-tarbiya berayotgan, ularning taʼminoti bilan shugʻullanayotgan ota-onaning javobgarlik masalasini oʻrtaga tashlaydi. Ayrimlar esa yoshlarning ongiga bevosita taʼsir qiluvchi kinolar, kliplar ham yoshlar oʻrtasida zoʻravonlik va yakka hukmronlik, xudbinlik, manmanlik va janjalkashlikni targʻib qilayotganligini alohida taʼkidlaydi. Eski muammoga yangi yechimni kim beradi?

Kelajakni kafolatlashni istagan ota-onalar behuda narsalarga sarflaydigan harakatlari va qimmatli vaqtlarini farzand tarbiyasiga, ajratganlari foydaliroqdir.  Bolasini eshitmaydigan, ularning qalbi va ruhini unutgan, farzandlariga vaqtini ajratishga qodir boʻlmagan ota-onalar ertaga oʻzlarining kuni kimlarga qolishini oʻylab koʻrishlari kerak! Chunki, ota-bobolarimizning bir ajoyib ibratli soʻzlari bejiz aytilmagan: “Toqqa chiqmasang doʻlona qayda?”.

Bir oʻylab koʻring, psixologning farzandi psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi bilan shugʻullansa, advokatning oʻgʻli qotillikka qoʻl ursa, tadbirkorning bolasi oʻgʻrilik qilsa, oʻqituvchining qizi fohishalik bilan shugʻullansa, bu ota-onalarning el yurtga nafi qay darajada? Siz ham hech oʻylab koʻrganmisiz... Sizning farzandingiz jinoyat qilishi mumkinmi? Siz-u biz vaqt ajratishimiz kerak boʻlgan mahal, farzandimizni biroz nazoratsiz qoldirganimizda u nimalar bilan mashgʻul boʻlgani bilan qiziqdikmi? Yoshlarning boʻsh vaqti – illatlarning ish vaqti boʻlib qolmayaptimi?!

Yoshlar oʻrtasida sodir boʻlayotgan barcha koʻngilsizliklar aslida oʻzaro mehr-oqibat, doʻstona munosabat tuygʻularining moʻrt va nimjonligidan emasmi? Koʻcha-koʻyda yoxud jamoat transportlarida yoshlarning suhbatiga, oʻzini tutishiga eʼtibor qaratganmisiz? Oʻzlarini bir-biridan ustun qoʻyish, oʻzaro ishonchsizlik va maqtanchoqlik, bir-birini masxaralash, huda-behudaga soʻkinishlarni tildan qoʻymaslik kabi salbiy holatlarni siz ham his qilasiz. Bunga savodsizlik omili, badiiy saviya pastligi, milliy tarbiya va qadriyatlar asoslari rivojlanishining toʻxtab qolganligi sabab boʻlmayotganmikan?!

Shu oʻrinda, ayni damda bolalarni maktabgacha taʼlim tizimidan boshlab toʻgʻri tarbiya qilish va buning uchun esa dastlab bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrovini kengaytirish oqilona qaror ekanini aytish oʻrinlidir. Yoshlarning bir-biriga moslashuvi va oʻzaro hurmat ruhida shakllanishini aynan shu davrdan boshlash va rivojlantirib borish zamonning oʻta muhim vazifasi boʻlib qolgan. Zero, Abdulla Avloniy taʼbiri bilan aytganda “Tarbiyani tugʻilgan kundan boshlamoq, vujudimizni quvvatlantirmoq, fikrimizni nurlantirmoq, axloqimizni goʻzallantirmoq, zehnimizni ravshanlantirmoq lozim”.

Bundan tashqari, yoshlar oʻrtasida milliy gʻururni shakllantirish, vatanparvarlik gʻoyalarini singdirish va ajdodlar merosini oʻrgatish orqali ularga kimlarning avlodi ekanligi va ajdodlarga munosib avlod boʻlib yetishish uchun qanday ishlash, oʻqish kerakligini anglatish, yuzaga kelayotgan salbiy holatlarni bartaraf etishga xizmat qilishi shubhasiz.

Hozirgi kunda yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ular oʻrtasida jinoyatchilik sodir etilishining oldini olish dolzarb masalaga aylangan. Yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar avvalgi yillarga nisbatan kamaygan boʻlishiga qaramay, aynan voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi Toshkent viloyatida oʻtgan yilgi koʻrsatkichlarni takrorlayotganligini ijobiy baholab boʻlmaydi. Oʻtgan oylardagi tahlillarga koʻra mazkur koʻrsatkichlar Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida ham kuzatilgan. Nega aynan bu hududlarda koʻrsatkichlar yaxshilanmayapti? 

Tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan oʻtkazilayotgan minglab davra suhbatlari, reyd tadbirlari, “Yosh deputat”, “Deputat va yoshlar”, “Senator va yoshlar”, “Hokim va yoshlar”, “Sektor rahbarlari va yoshlar”, “Prokuror va yoshlar”, “Sud va yoshlar” loyihalari nega ayrim joylarda kutilgan samarani bermayapti? Hududlarda aholi soni nisbatan koʻp boʻlgani, hududda aholi punktlari tarqoq joylashgani uchun yoshlarni toʻliq qamrab olish qiyinchilik tugʻdirganidanmi yoki targʻibot tadbirlari chekka hududlarda nomiga, hisobot uchungina oʻtkazilganmikan?

Joylarda olib borilgan tahlillarga koʻra, yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha targʻibot dekadasi doirasidagi tadbirlar asosan, markaz joylarda tashkil etilayotganligi hamda chekka va chegaradosh hududlarda davlat va jamoat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikning yoʻqligi, hamma oʻzicha ishlayotganligi kerakli natijalarga erishishda toʻsiq boʻlmoqda. Jinoyatchilikni jilovlashda hududning oʻz xususiyatidan, mentalitetidan kelib chiqib loyihalarni ishlab chiqish, bu boradagi masʼullarga aniq, maqsadli vazifalar belgilash hamda “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdagi samarali ishlarni amalga oshirishning vaqti kelmadimikan...?!

Shahnoza Nurullayeva

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер