Yoshlar sport sammiti oʻz ishini boshladi
Poytaxtimizdagi “Yoshlar press-klubi”da Yoshlar sport sammitiga start berildi. Uch kunlik sammitning dastlabki kuni ochilish marosimi bilan boshlandi. Unda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qoshida tashkil etilgan Talabalar sport assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti vakillari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.
Yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida talaba-yoshlarning talab va takliflaridan kelib chiqqan holda oʻtkazilayotgan mazkur sammit 6-oktyabrga qadar davom etib, u Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani “Yoshlar oromgohi”da boʻlib oʻtadi. Sport boʻyicha innovatsion va kreativ gʻoyalari va loyihalari bilan tashabbus koʻrsatayotgan yoshlarning eng yaxshi, dolzarb loyihalari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, hayotga tatbiq etiladi. Sammit quyidagi yoʻnalishlarda faoliyat olib boradi:
—Tokio 2020 hamda 32-yozgi olimpiada oʻyinlariga sportchilarni (pedagogik, jismoniy, biologik, psixologik) tayyorlash;
—Oʻzbekistonda sport turizmini rivojlantirish;
—Innovatsion gʻoya va biznes rejalar;
—Sport jurnalistikasi.
Sammit ishida jismoniy tarbiya va sport, turizm, biznes rejalar hamda sport jurnalistikasini rivojlantirish, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bundan tashqari, yoshlardan olingan taklif va tavsiyalar asosida murabbiylar uchun ilmiy-uslubiy qoʻllanma yaratilib, ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlar belgilab olinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring