Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil qilish tartibi belgilandi
Hukumat qarori bilan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hamda Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizomlar tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, yosh tadbirkorlik subyekti 18 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan hamda yuridik shaxs maqomida yoki taʼsischilari sifatida sanoat yoki xizmat koʻrsatish yoʻnalishida investitsiya loyihasini amalga oshirish istagini bildirgan Oʻzbekiston fuqarolari hisoblanadi.
Yoshlar sanoat zonalari faqat muhandislik-texnik kommunikatsiyalari mavjud boʻlgan yoki oʻtkazish oson boʻlgan, faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer maydonlarida tashkil etiladi.
Yoshlar sanoat zonalarida oʻz investitsiya loyihalarini joylashtirish istagida boʻlgan yosh tadbirkorliklar tegishli hujjatlarni tuman (shahar) investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimlariga taqdim etadi.
Investitsiya loyihalarini joylashtirish toʻgʻrisida ishchi guruh qarori hujjatlar taqdim qilingan kundan boshlab 10 kalendar kun ichida qabul qilinadi hamda bu haqda ijobiy yoki rad etish toʻgʻrisida xulosa berilishi shart.
Quyidagi talablarga javob beradigan investitsiya loyihalari Yoshlar sanoat zonalari hududida joylashtirishda ustuvorlikka ega boʻladi:
patent asosida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni taʼminlovchi startap - investitsiya loyihalari;
innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga moʻljallangan investitsiya loyihalari;
import oʻrnini bosadigan va eksportga yoʻnaltirilgan raqobatbardosh mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi investitsiya loyihalari;
yaratiladigan yangi ish oʻrinlarining kamida 70 foizi yoshlar uchun moʻljallangan boʻlishi, bunda bandligi taʼminlanmagan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni ish bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi investitsiya loyihalari.
Investitsiya loyihasini joylashtirish uchun yer maydonlari chegaralarini belgilab berish Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining tegishli tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan ishchi guruhlarning xulosalari asosida 5 ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring