Yoshlar — millat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi
Maʼlumki, bundan toʻrt yil muqaddam 2017-yilning 30-iyun kuni Prezidentimiz tashabbuslari bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan edi.
Ushbu sananing Oʻzbekiston Respublikasida “Yoshlar kuni” bayrami sifatida Mustaqilligimiz solnomasidan munosib oʻrin egallagani nafaqat yoshlarimiz, balki butun xalqimiz hayotida tarixiy voqea boʻlgan edi!
Oʻtgan davr mobaynida esa, yurtimizda amalga oshirilgan bunyodkorliklar, barcha sohalardagi tub islohotlar, kundalik turmushimizdagi shiddatli oʻzgarishlar, ezgu yangilanishlar, avvalo, yoshlarimiz kelajagi uchun, ularning ozod va obod vatanda, hech kimdan kam boʻlmay, baxtli hayot kechirishi, ilm olishi, hunar egallashi, oʻzidagi bor qobiliyat va isteʼdodni yorqin namoyon etib, yurtimiz dovrugʻini, uning jahon hamjamiyatidagi nufuzi va obroʻsini yana-da oshirishga hissa qoʻshadigan yetuk, barkamol avlod boʻlib voyaga yetishi, hayotda oʻzining munosib oʻrnini topishi uchun qilinayotgan sayʼ-harakatlar ekanini bugun barchamiz yaxshi anglab turibmiz.
Demak biz — sizning vatandoshingiz, yaqinlaringiz, ota-onangiz, qarindosh-urugʻlaringiz, barcha-barchamiz ishonamizki, sizday shijoatli, gʻayratli, vatanparvar yoshlarimiz bor ekan, yurtimiz yana-da gullab-yashnaydi.
Aziz xalqimiz yana-da farovon hayot kechiradi. Biz dunyolarga emas, dunyolar bizga havas qiladi. Koʻzlagan yuksak marralarimizni dadillik bilan zabt etaveramiz!
Shunday ekan, kelgusida shak-shubha yoʻqki, Yangi Oʻzbekistonimizning yorqin istiqbolini, ertangi kelajagini yurtboshimiz rahbarligida siz bilan birgalikda quramiz!
Zero davlatimiz rahbarining, “Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning gʻayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, koʻnglim togʻday koʻtariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman”, deb aytgan gaplari har bir yosh qalbga yangicha bir ruh bagʻishlashi, uning yorqin kelajakka boʻlgan yuksak ishonchini mustahkamlashi va shu bilan birgalikda Oʻzbekiston Prezidentiga boʻlgan iftixor tuygʻusini uygʻotishi shubhasizdir.
Barchamiz yaxshi bilamizki, bugun oʻz oldimizga ulkan marralar qoʻyganmiz. Davlatimiz rahbari boshchiligida Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik.
Ishonamizki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda siz aziz fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, oʻzingizning munosib hissangizni qoʻsholasiz.
AZIZ YoSHLAR!
Sizlarni yana bir bor bugungi bayram — yoshlik, shijoat, kuch-qudrat
va matonat ayyomi bilan, chin dildan muborakbod etib, oʻqish va ishlaringizda, oilaviy hayotingizda ulkan zafarlar tilayman!
Eng baland choʻqqilarni zabt etishga shaylangan qanotlaringiz metinday mustahkam, baxtli kelajak sari bosgan qadamlaringiz qutlugʻ boʻlsin aziz yurtdoshim — QADRLI YoSHLAR!
Zulayxo AKRAMOVA,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring