Yoshlar kun oʻtishi uchun yashashi kerak emas

09:50 16 Iyul 2020 Siyosat
992 0

Yoshlarga sharoit yaratish, ularni qoʻllab-quvvatlash kerakligi haqida koʻp gapiriladi. Ochigʻini aytish kerak, bunday gaplarning koʻpi umumiy, balandparvoz. Yoshlarga joni achiydigan odam umumiy gaplardan qochib, ularni bugun oʻylantirib, qiynab turgan muammolarni hal etish haqida gapirishi kerak, deb oʻylayman. Shunda holat yaxshilanadi.

Prezidentimiz rahbarligida 14-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan taʼminlash masalalari muhokama etilib, aniq vazifalar qoʻyildi. Endi ijro hokimiyati, mutasaddi tashkilotlar bu masalaga munosabatni tubdan oʻzgartirishi kerak.

Yarim yildan buyon dunyoning aksariyat mamlakatlarida pandemiya sababli qator iqtisodiy muammolar yuzaga keldi. Karantin sharoitida yuzaga kelgan hozirgi murakkab davrda ishsizlar soni sezilarli darajada oshdi. Shuning uchun bugun mamlakatimizda ham aholining daromad manbaini yaratish masalasi nihoyatda dolzarb masala sifatida kun tartibiga chiqdi. Biz deputatlar ham bu boradagi ishlarni amalga oshirishga masʼulmiz.

Yigʻilishda Oʻzbekistonda ishsizlarning 732 ming nafari yoshlar, 834 ming nafari xotin-qizlar ekanligi taʼkidlab oʻtildi. Albatta, bunga shunchaki raqam sifatida qaramasligimiz kerak, balki shuncha yoshning, shuncha xotin-qizlarning hayotini oʻzgartirish, ularning orzu-maqsadlariga erishishi uchun yoʻl ochish, koʻmak berish vazifasi oldimizda turganini oʻylashimiz kerak. Xoh tadbirkor boʻlaylik, xoh hukumat vakili, xoh deputat, bu masalani hal etishga javobgarmiz.

Hududlarda oʻrganishlar, aholi bilan olib borilgan muloqotlar jarayonida guvohi boʻldikki, ishsizlarning koʻpchiligini yoshlar, turmushda qiyinchiliklarga duch kelgan xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan shaxslar tashkil qilmoqda. Har bir insonga nimagadir qiziqish boʻladi, u shunga qarab kasb-korga ega boʻladi. Bu qiziqish vaqtida aniqlanib, toʻgʻri yoʻnaltirilsa, bu fuqaroga ham, jamiyatga ham foyda keltiradi.

Endilikda, maktabdanoq kasbga oʻqitish tizimi joriy etilishi belgilandi. Ushbu tizim aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi, deb oʻylayman.

Navbatdagi oʻquv yilidan boshlab maktab direktori va oʻqituvchilarga oʻquvchilarning oliy taʼlimga kirishi, kasb egallab, oʻz ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi toʻlanadi. Buning uchun 7-sinfdan boshlab oʻquvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8-9-sinf oʻquvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor boʻladigan bilim va koʻnikmalarni egallaydi. 10-sinfdan robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga oʻrgatish yoʻlga qoʻyiladi. Joriy yil oxirigacha mahallalarda 136 ta kasb-hunar oʻqitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslari tashkil etiladi.

Bularning barchasi partiyamizning dasturiy maqsadlariga mos va hamohangdir. Demak, siyosiy partiyalarga, parlament va deputatlarga berilgan qonuniy huquq va imkoniyatlardan foydalangan holda, bu jarayonda faol ishtirok etishimiz, bu boʻyicha doimiy monitoring oʻrnatishimiz talab etiladi. Mehnat bozoridagi haqiqiy ahvolni muntazam ravishda oʻrganib, buni parlament darajasida muhokama qilishimiz, eng asosiysi, bunday muhokamalardan natija boʻlishi uchun kurashishimiz zarur. 

Sherbek BOʻRONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер