Yoshlar bilan hamkorlik
Yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, aholi bandligini taʼminlashda qoʻl kelmoqda
Poytaxtimizdagi milliy matbuot markazida «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki tomonidan tashkil etilgan navbatdagi matbuot anjumani yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlandi. Eʼtibor beradigan boʻlsak, mavzu dolzarb. Zero, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish orqali ishsizlikni kamaytirish va hududlarni obod qilish bugungi kunning eng muhim hamda ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Shu maʼnoda, «Mikrokreditbank»ning yoshlar bilan hamkorligi tobora kengayib borayotgani diqqatga sazovordir.
Bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari Kamoliddin Atayevning aytishicha, ayni paytda moliya muassasasi tomonidan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi doirasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 2021-yilda jami 2,5 trln. soʻm ajratilishi belgilangan boʻlsa, shundan 1,4 trln. soʻmi yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan va ushbu maqsadda hududlar kesimida oyma-oy reja grafiklari ishlab chiqilgan. Unga asosan oʻtgan davrda oilaviy tadbirkorlik uchun 745,6 mlrd. soʻmlik kreditlar evaziga 30 mingga yaqin aholi bandligi taʼminlandi. Bu oʻtgan yil shu davriga nisbatan 613,5 mlrd. soʻm yoki 6 barobarga koʻp demakdir.
Yoshlar tadbirkorligi uchun yanvar-aprel oylari davomida rejadagi 386,4 mlrd. soʻm oʻrniga 480,2 mlrd. soʻm (124%) imtiyozli kreditlar ajratilib, 18 448 nafar yoshlarning bandligi taʼminlandi.
Misol uchun, Sayxunobod tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor «Jamoliddinov Ibratjon Erkin oʻgʻli»ning sport va sogʻlomlashtirish markazini tashkil etish loyihasiga 200 mln. soʻm imtiyozli kredit ajratilishi natijasida 10 nafar yosh ishli boʻldi.
Yuqorida qayd etilgan yoshlar uchun ajratilgan 480,2 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlarning 174 mlrd. soʻmi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 6 860 nafar yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirildi.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan mart oyida ajratilgan 150 mlrd. soʻm mablagʻlar hisobidan esa 3 hafta ichida maxsus sertifikatga ega 6 170 nafar yoshlarga 183,3 mlrd. soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada jami 17 134 nafar ishsiz yoshlarning 638 nafari – ishlab chiqarish, 1 822 nafari – xizmat koʻrsatish, 4 593 nafari – tikuvchilik, 2 672 nafari – chorvachilik, 2 935 nafari – issiqxona, 4 474 nafari boshqa yoʻnalishlarda oʻz loyihalarini yoʻlga qoʻyish va doimiy daromad manbasini yaratish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Bundan tashqari, “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 29 ta loyihaga 12,9 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratilib, 135 nafar yoshlar ish bilan taʼminlandi.
Chakana biznesni rivojlantirish departamenti direktori Qobiljon Komilov esa hududlarda ishsiz yoshlar bilan uchrashib, “Agentlik” shartnomasi asosida bankka ishga jalb qilinayotgani xususida maʼlumot berdi. Gap shundaki, hozir “Bank agentlari” oʻzlari istiqomat qiladigan mahallalarga biriktirilib, tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan yoshlarni bankka jalb qilmoqda.
Shu bilan birga, bank strukturasida yoshlarga oid dasturlar boʻyicha rais oʻrinbosari, tegishli tarkibiy boʻlinma hamda har bir viloyat mintaqaviy filiallarida boshqaruvchi oʻrinbosari (yoshlar boʻyicha) lavozimlari joriy etildi.
Mikrokreditlash mexanizmi samaradorligini oshirish maqsadida, bank tomonidan aniq hisob-kitoblarga asoslangan 60 ta yoʻnalish boʻyicha tayyor biznes-reja loyihalari ishlab chiqilib, kitob shakliga keltirilgan holda joylarga yetkazib berildi.
Markaziy bank bilan hamkorlikda mijozlarning davlat dasturlari doirasida shaffof va adolatli kredit olishi, taʼminotchilar oʻz mahsulotlarini sotishi mumkin boʻlgan Yagona elektron platforma ishga tushirildi. Ushbu platformada yoshlar tadbirkorligiga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar uchun onlayn ariza yuborish, foydali maʼlumotlar olish, taʼminotchi topish va biznes reja tanlash kabi imkoniyatlar yaratildi.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda yagona platforma integratsiyasini amalga oshirish orqali yoshlarga oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishda “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish ikki oy muddat ichida yoʻlga qoʻyiladi.
Bank axborot xizmati
Reklama
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring