Yosh tasavvufshunos olimning mehnati eʼtirof topmoqda

18:26 29 Noyabr 2023 Jamiyat
476 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, sharqshunos, manbashunos, tarix fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining ilmiy-ekspert kengashi aʼzosi Komiljon Rahimov qalamiga mansub kitoblar, tarjima asarlar nafaqat yurtimiz, balki Turkiya, Misr, Eron, Tojikiston, Qozogʻiston kabi davlatlarda ham alohida eʼtirof etilgan.

Buxoroda davom etayotgan ziyorat turizmi haftaligi doirasidagi tadbirlar chogʻida milliy va diniy qadriyatlarimizning faol targʻibotchisi sanalgan yosh tasavvufshunos mehnatiga yana bir karra yuqori baho berildi. U Shimoliy Kavkaz (Rossiya Federatsiyasi) musulmonlari muvofiqlashtirish markazi tomonidan “За утверждение духовных сенностей” (“Maʼnaviy qadriyatlarni oʻrnatishdagi xizmatlari uchun”) ordeni bilan taqdirlandi. Unga Rossiya Fanlar akademiyasi sharqshunoslik instituti va Stavropol oʻlkasi musulmonlari idorasining hamda Rossiya Federatsiyasi musulmonlar diniy boshqarmasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi, Moskva islom instituti rektori, Sankt-Peterburg davlat universiteti islom tadqiqotlari instituti direktori Mulla Damir Muxetdinov tomonidan imzolangan tashakkurnomalar ham topshirildi.

Yosh olim ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi uchun ana shunday eʼtirofga sazovor boʻldi. Bunga qadar izlanuvchan yurtdoshimiz diniy-axloqiy qadriyatlarni oʻrganish, ularni zamondoshlarimiz ongu shuuriga singdirish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlash borasidagi mehnatlari uchun Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasining “Вера и чест” ordeni bilan taqdirlangan edi.

— Yurtimiz, jumladan, Buxoro qadimdan maʼnaviyat va maʼrifat goʻshasi boʻlib kelgan, — deydi u. — Tadqiqotlarimiz koʻrsatmoqdaki, shaharda, uning tashqarisida va tumanlarda juda koʻplab madrasalar faoliyat koʻrsatgan. Abu Hafs Kabir madrasasi Buxorodagi eng qadimiy oliy oʻquv yurti sanaladi. Unga 800—810-yillar atrofida asos solingan.Bu dargohda yirik taniqli olimlar, xususan, mashhur imom Buxoriy hazratlari tahsil olganlar. Umuman esa biz aniqlagan 12 ta madrasadan tashqari yana yigirmaga yaqin oliy bilim dargohi faoliyat koʻrsatgan. Ularning deyarli barchasida shoʻro inqilobiga qadar dars oʻtilgan. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbarining Mir Arab madrasasi 500-yilligini nishonlash borasidagi tashabbusi ayni muddao boʻldi.

Shu oʻrinda “Movarounnahr tasavvufi tarixi”, “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir”, “Buxoro: Qubbatul-islom shahri” deb nomlangan asarlari muallifi sanalgan, shuningdek,   Al-Hakim at-Termiziyning “Xatmul avliyo”, Gʻiyosiddin Xondamirning “Makorim ul-axloq”, Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniyning “Vasiyatnoma”, Xoja Muhammad Orif Revgariyning “Orifnoma”, Xoja Ali Romitaniyning “Risolai Hazrati Azizon” kitoblarini tarjima qilib, xalqimiz maʼnaviy xazinasini boyitgan olimning tarjimai holi haqida qisqacha toʻxtalib oʻtish foydadan xoli emas.

Komiljon Rahimov Buxoroda tugʻilgan. Dastlab kuni kecha 500-yilligi keng nishonlangan qadimiy Mir Arab madrasasida tahsil olgan. Keyin esa Buxoro davlat universitetining filologiya fakultetida oʻqigan. Misr Arab Respublikasining Qohira universitetida bilimlarini mustahkamlagan. Milliy va diniy qadriyatlarimizga bagʻishlangan nufuzli anjumanlarning faol ishtirokchisi sanalgan yosh zamondoshimizning xattotlik, epigrafika, miniatyura sanʼatlari tarixiga oid maqolalari ham ilmiy doiralarda alohida eʼtirof etilyapti.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер