Yosh olimning ilk monografik tadqiqoti dunyoning toʻqqiz tilida nashr etildi

11:43 23 Sentyabr 2023 Jamiyat
587 0

Jahonda kechayotgan globallashuv jarayonlarining kuchayishi va xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvning chuqurlashuvi salohiyatli investor va mulkdorlarni ishonchli hamda shaffof axborotlar bilan taʼminlash maqsadida xalqaro standartlarga muvofiq moliyaviy hisobot tuzish va tahlil qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi jarayonlarining kuchayishi aksiyadorlik jamiyatlari va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning xalqaro birjalar listingiga kiritilishi, moliya institutlari, salohiyatli investorlar bilan hamkorlik qilishida xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobot tuzish va tahlil qilishni taqozo etmoqda.

Yaqinda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro hamkorlik departamenti xorijiy talabalar va almashinuv dasturlari boʻlimi boshligʻi, iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (Ph.D.) Abdulla Akramovning “Preparation of financial reporting based on international standards: improving accounting and analysis methods” (Xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobot tuzish: hisob va tahlil usullarini takomillashtirish) nomli monografiyasi Buyuk Britaniyaning “GlobeEdit” nashriyotida ingliz tilida chop etilgan edi.

Quvonarlisi shundaki, ushbu monografiya jahonning tagʻin 8 ta nufuzli nashriyoti tomonidan nemis, fransuz, ispan, italian, rus, portugal, polyak va dan tillariga tarjima qilinib, nashr etildi. Endilikda mazkur oʻquv qoʻllanma dunyoning 200 million nafardan ortiq aholisi tomonidan oʻqilayotgani tom maʼnodagi xushxabar boʻldi, desak, ayni haqiqat.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-fevraldagi “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida: “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) oʻtishni jadallashtirish orqali xorijiy investorlarni zarur axborot muhiti bilan taʼminlash va xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, hisob va audit sohalari mutaxassislarini xalqaro standartlar boʻyicha tayyorlash tizimini takomillashtirish” ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlashda Yangi Oʻzbekistonda moliyaviy hisobot tuzilgan sanadan keyingi hodisalarni reversiv tarzda aks ettirish, xalqaro hisoblash tamoyili asosida moliyaviy hisobot tayyorlash, vertikal balans-netto shakli va konsolidatsiyalashgan hisobotning ishchi transformatsiya jadvallarini tatbiq etish, moliyaviy hisobotning muhim elementlarini qadrsizlanishi boʻyicha rezerv tashkil qilish, sof aktivlar qiymatiga taʼsir etuvchi omillarni tahlili, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda moliyaviy hisobot axborotlaridan foydalanish yoʻnalishlari bilan bogʻliq masalalarga bagʻishlangan monografik tadqiqot ishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur monografiyaning ilmiy yangiligi shundaki, moliyaviy hisobot tuzilgan sanadan keyingi hodisalar taʼsirida buxgalteriya hisobida sodir boʻladigan muomalalarni aks ettirish uchun 6610-“Oddiy aksiyalar boʻyicha toʻlanadigan dividendlar”, 6620-“Imtiyozli aksiyalar boʻyicha toʻlanadigan dividendlar”, 8540-“Imtiyozli aksiyalar boʻyicha toʻlanadigan dividendlar rezervi” ishchi schetlarini ochish taklif etilgan.

Shu bilan birga, “Moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobot”ni vertikal balans-netto shaklida tuzish maqsadida “Ishchi transformatsiya jadvali”ga 090-“Asosiy kapitalga investitsiyalar”, 271-“Kechiktirilgan soliq aktivlari”, 450-“Jamgʻarilgan zararlar” satrlarini kiritish taklif etilgan.

Shuningdek, xususiy kapitalni moliyaviy hisobot elementi sifatida xalqaro standartlarga transformatsiya qilish maqsadida 8300-“Aksiyadorlik (pay) kapitali”, 8400-“Emission (daromad) kapitali” ishchi schetlarini kiritish zarurligi asoslangan va ularning oʻzaro korrespondensiyasi taklif qilingan.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti taraqqiyotida muhim strategik ahamiyatga ega boʻlgan kimyo sanoati korxonalarining sof aktivlari qiymatiga bank krediti va qarzlar foizi, inflyatsiya, soliq yuki va baho kabi omillar taʼsirini boshqarish maqsadida 2025-yilgacha boʻlgan prognozi ishlab chiqilgan.

Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, yosh olimning ushbu monografiyasini bugungi kunda “OmniScriptum” nashriyot uyi va “VLC Publishing OÜ” kompaniyasining savdo markasi ostida “MoreBooks” onlayn savdo tarmogʻi orqali xalqaro matbaa bozorida 80 mingta kitob savdo shoxobchasi hamda 3 mingdan ortiq internet-doʻkonlaridan xarid qilish mumkin.

Yosh iqtisodchi olim Abdulla Akramovga jahonning nufuzli nashriyot uylari tomonidan chop etilgan mazkur monografiya xaridi boʻyicha 30 foizlik chegirma ham taqdim qilinganligiga uning mehnatiga berilgan munosib baho va eʼtirof deb qarash lozim. Bu imtiyoz yosh olimga kelgusida oʻz startap loyihalarini shakllantirish uchun pay mablagʻi boʻlib xizmat qilishi ahamiyatlidir.

Xulosa qilganimizda, xalqaro darajada eʼtirof etilgan monografik tadqiqot mamlakatimiz olimlari tomonidan tayyorlangan ilmiy qoʻllanmalarga dunyo ahli ham qiziqish bildirayotganidan dalolat beradi.

Azamat MAHMUDOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

Moliyaviy tahlil va audit kafedrasi dotsenti,

iqtisodiyot fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер