Yosh dizaynerlar uchun imkoniyat: Oleg Drobot va Karan Hurama talabalar bilan uchrashdi

13:30 06 Dekabr 2024 Jamiyat
338 0

Bugun, 6-dekabr kuni Parij Xalqaro Moda Akademiyasi (AICP) va Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti qoʻshma fakulteti talabalari uchun soha mutaxassislari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi. Unda “ELLE Oʻzbekiston” bosh ijrochi direktori Oleg Drobot va moda sanoatining taniqli mutaxassisi, global brendlar bilan ishlash tajribasiga ega Karan Hurama hamda Parijdagi Xalqaro moda akademiyasining yetakchi professori — madam Marina Lesaj ishtirok etdi.

Tadbir davomida Karan Hurama yosh dizaynerlarga moda sanoatidagi soʻnggi yangiliklar, global biznes tizimining rivojlanishi va uning jahon boʻylab taʼsiri haqida soʻzlab berdi. U, moda olamidagi oʻzgarishlar, yangi imkoniyatlar yaratish va sanoatning kelajagini shakllantirish borasida oʻz qarashlarini bildirdi. Hurama, shuningdek, oʻzining tajribasidan kelib chiqqan holda, yoshlarni muvaffaqiyatga erishish uchun kerakli koʻnikmalar va zamonaviy yondashuvlar bilan tanishtirdi.

“ELLE Oʻzbekiston” bosh ijrochi direktori Oleg Drobot esa jurnali va brendi qanday qilib yangi chaqiriqlarga moslashayotganini, moda va media sohasidagi karyera imkoniyatlari haqida soʻzlab berdi. U, shuningdek, moda sanoatining kelajagi, uning shakllanishi va yuksalishi yoʻllari haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Tadbir ishtirokchilari, mutaxassislardan olingan qimmatli maslahatlar bilan tanishib media olamidagi yangi qarashlar va imkoniyatlardan xabardor boʻlishdi. Bu uchrashuv yosh dizaynerlar uchun katta motivatsiya manbai boʻldi.

Maʼlumot uchun, Karan Hurama — moda sanoatida oʻziga xos oʻrni bor va jahon miqyosida mashhur boʻlgan mutaxassis. U nafaqat dizayn, balki moda biznesi, brend menejmenti va marketing sohalarida ham faoliyat yuritadi. Hurama oʻzining tajribali yondashuvlari va global bozorlarga oid chuqur bilimlari bilan moda sohasida yangi tendensiyalarni yaratishda ishtirok etgan. U, shuningdek, moda brendlarini xalqaro miqyosda rivojlantirish va marketing strategiyalarini ishlab chiqishda katta rol oʻynagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер