Yogʻingarchiliksiz va juda quruq. 2025-yilning yanvari “ishonchni oqlamadi”
Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
Oʻzbekistonda 2025-yilning yanvar oyi oʻrtacha oylik havo harorati iqlim meʼyoridan 0,5-1 darajaga, shimolda 2-3 darajaga, Ustyurtda 4 darajaga yuqori boʻldi. Bu haqda “Oʻzgidromet” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yanvar oyining birinchi va uchinchi oʻn kunliklarida respublika hududi boʻyicha sovuq toʻlqinlar kuzatildi, bunda harorat meʼyordan 2-3 darajaga, 23-24-yanvar kunlarida esa 4-5 darajaga past boʻlishi qayd etildi.
Yanvar oyining ikkinchi oʻn kunligi iliq boʻldi, hududning katta qismida meʼyordan 1-3 darajaga yuqori boʻlishi qayd etildi.
Eng sovuq kechalarda havo harorati 3-8 daraja sovuqqacha, shimolda 9-14 daraja sovuqqacha pasaydi. Hududning katta qismida eng iliq kunlarda havo 11-16 daraja iliqqacha, janubda baʼzi joylarda 17-19 daraja iliqqacha isidi.
2025-yili yanvar oyi qish mavsumining eng sovuq oyi sifatida oʻz nomini oqlay olmadi. 2024-yil dekabr oyining oʻrtacha oylik harorati 2025-yil yanvar oyiga nisbatan 1-2 daraja past boʻlib, dekabrdagi sovuqlar esa yanvar oyi sovuqlariga nisbatan kuchliroq boʻlgan. 2025-yil yanvar oyi 2023-yil yanvar oyidagi kabi sovuq (ushbu asrdagi ikkinchi eng sovuq yanvar oyi, 2008-yildan keyin) va 2024-yil yanvar oyidagi kabi iliq boʻlmadi, bu meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirdi.
Yanvar oyi juda quruq keldi. Respublika hududining katta qismida oy davomida yogʻingarchilik meʼyordan 50 foizdan kam boʻldi. Xorazm viloyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasining janubi, Fargʻona vodiysi va Buxoro, Navoiy viloyatlari hududlarining katta qismi eng qurgʻoqchil hududlar boʻlib, ularda oylik yogʻingarchilik miqdori meʼyordan 20 foizdan kam boʻldi.
Faqat Surxondaryo viloyatida va Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimoliy hududlarida baʼzi joylarda yogʻingarchilik meʼyor atrofida va undan koʻp boʻldi.
Tekislik hududlarda yogʻingarchilik asosan yomgʻir koʻrinishida yogʻdi. Ayrim kunlarda baʼzi joylarda yomgʻir qorga aylanishi kuzatildi, ammo hududning katta qismida qor qoplami hosil boʻlmadi. Qisqa muddatga (1-2 kun) balandligi 0,5 sm dan 3 sm gacha boʻlgan qor qoplami faqat respublikaning markaziy va janubi-sharqiy hududlarining baʼzi joylarida kuzatildi.
Oʻzbekistonning togʻli hududlarida oy davomida qor qoplamining koʻpayishi qayd etildi, biroq togʻli hududlarning katta qismida qor oʻrtacha koʻp yillik va oʻtgan yilgi qiymatlardan kam boʻldi.
Oy oxirida togʻlarda qor zaxiralari meʼyordan 50-70 foizni, Qamchiq dovoni hududida 40 foizni tashkil etdi. Faqat Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanining oʻrta togʻ hududlarida (Chimyon meteostansiyasi maʼlumotlari boʻyicha) qor balandligi oʻrtacha koʻp yillik qiymatlarga yaqin boʻldi.
Yanvar oyida tez-tez tuman hodisalari kuzatildi, koʻrinuvchanlik esa 50-500 m gacha yomonlashdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring