Yashnab-yasharayotgan “obod maskan”

13:57 04 Fevral 2019 Jamiyat
3815 0

Bugun Samarqand shahar hokimligi balansiga oʻtkazilgan Motrid mavzesidagi 50 gektar yer maydoni, bir paytlar Samarqand tumanidagi “Motid-Agroservis” agrofirmasi hududidagi yer maydoni edi. Hozir bu yerda Prezidentimizning “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosi yuzasidan koʻp qavatli uy-joylar qurilishi davom etmoqda.

Bir paytlar huvillab yotgan bu hududda, oʻtgan 2018 yilda zamonaviy loyihalar asosida 7 qavatli va 5 qavatli 32 ta shinamgina uylar qad rostladi. Aniqrogʻi, 1344 ta xonadonning 448 tasi 3 xonali boʻlsa, 896 tasi 2 xonali xonadonlardan iboratdir. 360 ta xonadondan iborat 5 qavatli 12 ta uylarning 6 tasi esa Mudofaa boshqarmasiga, 3 tasi IIBga, 1tasi Milliy gvardiyaga, yana 1 tasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlariga ajratilgan boʻlsa, soʻnggi 1 ta uy yosh oilalarga berilgan boʻlsa, Qorasuv massividagi ushbu mahallaga “Obod maskan” nomi, koʻchaga “Iftixor” deya nom berildi.

“Obod maskan” bugun tom maʼnoda, oʻz nomiga monand yashnab-yasharib ketdi. Bir tomonda 235 oʻrinli bolalar bogʻchasi, ikkinchi tomonda 540 oʻrinli maktab, 2 ta zamonaviy supermarket, shahar obodonlashtirish boshqarmasi filiali binosi, 2 ta xizmat koʻrsatuvchi shirkat, mahalla fuqarolar yigʻini binolari mahalla koʻrkiga koʻrk qoʻshdi.

Darvoqe, shu yilning 1-fevral kuni massivda Samarqand shahri boʻyicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 9-son ichki ishlar boʻlimining yangi binosi ham foydalanishga topshirildi. Boʻlimda aholi murojaatlari bilan ishlash, ichki migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish ishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi. Xonalar kompyuter va zamonaviy aloqa vositalari bilan taʼminlandi. Yangi binoning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov ishtirok etdi va boʻlimga vazirlik sovgʻasi – “Nexia 3” xizmat avtomashinasini topshirdi.

Xullas, bugun “Obod maskan”da bunyodkorlik, yaratuvchanlik, obodlik va farovonlik manzaralari boʻy koʻrsatmoqda. Joriy yilda aynan shu maskanda qad rostlashi koʻzda tutilayotgan 72 ta koʻp qavatli 3798 ta xonadonlar yil soʻnggiga qadar oʻz egalariga topshirilishi koʻzda tutilayotgan boʻlsa, aholiga zarur qulaylik va shart-sharoitlar yaratish maqsadida maishiy xizmat koʻrsatish uyi, maktab, bogʻcha, oilaviy poliklinika, kinoteatr, musiqa maktabi, toʻyxona, sport sogʻlomlashtirish majmuasi, istirohat bogʻi va dehqon bozori barpo etish ham rejalashtirilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Umid SORIYEV
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер