Yashirin iqtisodiyot: unga qarshi kurashishda asosiy kuch biznes va jamoatchilikdir
Mamlakatimizda pul-kredit, valyuta, soliq va tashqi savdo siyosati sohalarida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish va investitsiya muhitini yaxshilash dolzarb vazifalardan sanaladi. Shu bois keyingi yillarda biznesga qoʻshimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari koʻrilmoqda.
Xususan, 2020-yildan qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasini barcha tadbirkorlik subyektlariga qaytarishning soddalashtirilgan tizimi tatbiq etildi. Joriy yilning oʻn oyi davomida ushbu tizim doirasida tadbirkorlik subyektlariga 5 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ qaytarildi.
Lekin shunga qaramay, mamlakatimizda yashirin iqtisodiyotning ulushi hamon yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Savdo va umumiy ovqatlanish, uy-joy qurilishi va taʼmirlash, turarjoy xizmatlarini koʻrsatish kabi sohalarda bu jarayon yana-da yaqqol namoyon boʻlayotir.
Xoʻsh, yashirin iqtisodiyotning oʻzi nima? Uning kelib chiqish sabablari nimada? Mamlakatda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun qanday choralarni koʻrish kerak?
Yashirin iqtisodiyot bu – iqtisodiy faoliyatni jamiyatdan yashirish va davlat tomonidan nazorat hamda hisoboti yuritilishi olib borilmasligini, shu bilan birga, iqtisodiyotning kuzatib boʻlmas va norasmiy qismidir. Boshqacha aytganda, yashirin iqtisodiyot mavjud qonun va jamiyat qoidalarini chetlab oʻtuvchi jamiyatdagi fuqarolarning iqtisodiy aloqalari desak ham boʻladi.
Jahonning deyarli barcha mamlakatlarida yashirin iqtisodiyot mavjud boʻlib, hozirga qadar hech bir mamlakatda uni butkul yoʻq qilishga erishilmagan. Lekin koʻp davlatlarda bunday iqtisodiyotning ulushi va taʼsiri minimal darajada kamaytirilgan. Bu haqda gapirganda Yevropa davlatlari tajribasini misol qilib keltirish mumkin. Negaki, bu davlatlarning aksariyati yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda soliq mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratgan. Chunki aynan soliqlarning yuqori darajadaligi koʻp hollarda yashirin iqtisodiyotning palak otishiga turtki beradigan omillardan hisoblanadi.
Yashirin iqtisodiyot nafaqat murakkab ijtimoiy-iqtisodiy voqelik, balki davlat hisobi hamda nazoratidan tashqarida rivojlanadigan va shu sababdan ham rasmiy statistikada aks etmaydigan xoʻjalik faoliyatidir. Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish uchun rivojlangan davlatlarning bosib oʻtgan yoʻllari chuqur tahlil qilib, oʻzimizga mos boʻlgan yoʻnalishlarga tayanib, bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim, deb oʻylayman.
Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda asosiy kuch biznes va jamoatchilikdir. Jamiyatdagi boshqa kuchlar, birinchi navbatda, tadbirkorlar, keng jamoatchilik bu muammoga oʻz muammosi sifatida qarasagina, uni hal qilishda sezilarli natijalarga erishish mumkin.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-oktyabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni shubhasiz, mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirishga qaratilgan muhim hujjat boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Unga binoan, 2021-yil 1-yanvardan 2022-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik biznes subyektlarining bank kartalaridan foydalangan holda, jismoniy shaxslardan olgan daromadlari umumbelgilangan soliqlar, shu jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga majburiy oʻtish uchun umumiy daromadga kiritilmaydi. Bu oʻz navbatida, bank plastik kartalarini cheklovsiz qabul qilish orqali daromadlarni oshirish, olingan summalarni toʻliq aks ettirishga sharoit yaratadi.
2021-yil 1-yanvardan boshlab riyeltorlik xizmatlardan olinadigan daromadlarni qonuniy muomalaga jalb qilish uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 25 foizdan 13 foizgacha kamaytirilishi esa koʻchmas mulk bozoridagi yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga taʼsir etadi.
Farmon bilan qurilish korxonalariga hisobot davri uchun mehnatga haq toʻlash fondi jami miqdorining 10 foizidan oshmagan hajmda (ijtimoiy soliq summasini hisobga olmaganda) ish haqini naqd pulda toʻlash huquqi bilan shartnoma tuzmasdan muddatli ravishda ishchilar yollashga ham ruxsat berilmoqda. Bunda qurilish tashkilotlari belgilangan tartibda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliqning toʻlanishini taʼminlaydi.
Shuningdek, har oyda shartnoma tuzmasdan yollangan ishchilarga toʻlangan naqd pul miqdorini koʻrsatgan holda ularning reyestrini davlat soliq xizmati organlariga taqdim qilib boradi. Davlat soliq xizmati organlari qurilish tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan reyestrlar asosida soliq toʻlovchilarni avtomatik ravishda identifikatsiya qiladi va toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq hisobga olinishini taʼminlaydi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur farmonga asosan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha maxsus komissiya hamda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha hududiy komissiyalar tashkil etilmoqda.
Biznesning “soyadan” chiqishini ragʻbatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, soliq rejimini soddalashtirish hamda naqdsiz toʻlovlarni kengaytirish choralarini koʻrish, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni shakllangan biznes yuritish amaliyotiga moslashtirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish faoliyatini “pulni yuvish”ga qarshi kurashish sohasidagi tashkilotlar faoliyati bilan muvofiqlashtirish kabilar Maxsus komissiyaning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha hududiy komissiyalar esa tadbirkorlarga faoliyatini qonuniylashtirishda va zarur ruxsatnomalarni olishda yordam berish, shuningdek, ular bilan profilaktika ishlarini olib borish, yashirin iqtisodiyotning shakllanishiga olib keladigan sabablar va omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini koʻrish, noqonuniy olib kirilgan yoki kontrafakt tovarlarni hamda yuk tashish hujjatlarisiz mamlakat ichida harakatlanayotgan tovarlarni sotishga qarshi kurashish bilan shugʻullanadi.
Farmonda yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirlik va idoralarning faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xarita”si tasdiqlanishi ham belgilangan. Endilikda Maxsus komissiya yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha, jumladan, “yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan chora-tadbirlarga doir takliflar muhokama qilinishini taʼminlaydi, shuningdek, har oy erishilgan natijalar boʻyicha hisobotlarni eshitib boradi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, yashirin iqtisodiyot oshkora payqab boʻlmaydigan tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash, isteʼmol jarayonlari — iqtisodiy munosabatlar boʻlib, uning negizida ayrim kishilar yoki kishilar guruhi manfaatlari yotadi. Mazkur farmon mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish, soliq qonunchiligi talablariga rioya qilish tartib-taomillarini avtomatlashtirish va uning tartibini soddalashtirishga xizmat qiladi.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring