“Yashirin biznes” qurboniga aylangan ayol oʻn yil ozodlikdan mahrum qilindi
Foto: Illustrativ foto
Baʼzi odamlar jinoyatchilarga yoki jinoiy javobgarlikka tortilganlarga achinmaydi. Hech qachon oqlanishini xohlamaydi. Hatto u ayol boʻlsa ham. Agar shu jinoyatchi yaʼni, qotil sizning yoningizda yashasa, nima qilasiz? Quyidagi voqeani puflab shishirib qimmatli vaqtingizni oʻgʻirlamoqchi emasmiz, vaziyatga boricha koʻzgu tutmoqchimiz. Xulosa oʻzingizdan.
Nima notoʻgʻri? Qayerda?
Zubayda (ismi oʻzgartirildi) oʻttiz yoshda, chiroyli, muqaddam sudlangan. U avval sudlov hayʼatidan apellyatsiya shikoyatida himoyachisi bilan birga oilaviy sharoiti ogʻirligi, qaramogʻida voyaga yetmagan uch nafar farzandi borligi, aybiga iqrorligini tan olib, qonun doirasida yengillik berishini soʻragan. Ha, u ayol – onaligi inobatga olinib, yengilroq jazo tayinlangan. Ota-onalar farzandini hech qachon yomon ishlar uchun dunyoga keltirmaydi. Zubayda ham qamoqqa tushaman, deb oʻylamagan. Achinarlisi, haliyam oʻzini begunoh deb biladi. Giyohvandlikdan qutulishning iloji yoʻq, soʻnggi yoʻli – oʻlim, uni tarqatganlar umrbod ozodlikdan mahrum etilsa ham begunoh jabrdiydalarni hayotga qaytara olmasligi achinarli. Shuning uchun ham giyohvandlik qotillikka teng. Giyohvandlik moddasini sotganligi uchun qora kursiga oʻtirib chiqqan ayolni nega mahalla, oilasi yoki doʻstlari emas, aynan, yana “narkobaron”lar izlab topdi. Eh, agar shu ayolga biror qonuniy ish taklif etilganda edi. Yoki oʻziyam ish axtarib biror tashkilot eshigini qoqqanida… Hozir temir panjara ortida ozodlik nafasini sogʻinib oʻtirmagan boʻlardi.
Zubayda telefon orqali “ish beruvchi” bilan ikki ogʻiz gaplashdi:
– Menga yaxshi ish kerak?
– Yaxshi “ish” bor. Maoshi katta. Kerak paytda oʻzimiz topib olamiz.
Ular ishga taklif qilishdi, ammo nima ish ekanini oʻziga ham aytishmadi. Vaqti kelganda qoʻliga “Good day” nomli sumkani berib, uzoqdan kuzatib turdi.
Bolalariyam koʻziga koʻrinmadi
Oltiariq tumani Tinchlik koʻchasida joylashgan kiyim-kechak bozoridan giyohvandlik moddalarini olib ketayotgan Zubaydani sal nariroqda notanish yigitlar kutib turdi. Ulardan oldin darhol militsiya tomonidan qoʻlga olindi. Uni kuzatib turganlar gʻoyib boʻldi. Sumkada 5 dona polietilen oʻramda giyohvandlik moddasi bor edi. Sudga oid kimyoviy ekspertizaning 2023-yil 14-iyun kungi xulosasiga koʻra, sumkadan olingan toʻq jigar rangli, oʻtkir hidli modda tarkibida faol giyohvand modda, tetrogidrokannabinol mavjud boʻlib, uning sof ogʻirligi 4.981 grammni tashkil etishi aniqlandi. Endi tanangizda bir oʻylab koʻring, shu giyohvand moddaning bir dozasi qancha odamning yostigʻini quritadi? Otasi giyohvand bolalarning oilasida kunda janjal-toʻpolon koʻtarilganini koʻrganmisiz? Ona uchun nogiron farzandni dunyoga keltirish qanchalik dard-alam. Nogironligi uchun dunyo yuzini koʻrmay oʻtib ketayotgan goʻdaklar-chi? Bu onaning butun umr xotirasidan chiqadimi? Ularning aybi bormi? Albatta, yoʻq.
Toʻgʻri, hamma ona boʻlishi mumkin, lekin undan onalik mavqeyi baland. Zubayda ona emas – mavjudot. Alamlisi, oʻsha kuni shirinlik olib beraman deb 5 yoshli oʻgʻlini aldab uydan olib chiqqani va onasini nega hibsga olganidan bexabar bolaning nolasidan yuraklar tilka boʻladi.
“Hali diydoringizga toʻymovdim…”
Zubaydaning ishi Oltiariq tuman sudida koʻrib chiqildi. Sud majlisida turmush oʻrtogʻi va farzandlari qatnashdi. Unga ilgari jinoyat kodeksining 34-moddasi 3-qismi “a” bandida oʻta ogʻir jinoyatlari uchun ikki marta hukm qilinib, ularning har biri uchun besh yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U tomonidan yana qasddan oʻta ogʻir jinoyat sodir etilgani uchun jinoyat kodeksining 34-moddasi 3-qismi “a” bandiga asosan oʻta xavfli retsidivist deb topildi. Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan 10 (oʻn) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. Endi uni uyda hech kim kutmaydi. Sud hukmi oʻqilayotganda Zubaydaning oʻzi ham yigʻlab yubordi. U bunday boʻlishini kutmagan, albatta. Turmush oʻrtogʻi ham xotinini bunchalik qattiq jazolanishiga ishonmayotgandek edi. U sudya va odamlar xonadan chiqib ketayotganda ishondi. Bolalari yigʻlab qoldi. Onasi ularning koʻziga tik qarolmadi. Ayblanuvchining advokati ham chorasiz orqa eshikdan chiqib ketdi. Zubayda hayotini yolgʻondan boshlagandi. Mana, yana bir marta aldov qurboni boʻldi, gʻaflat qurboni boʻldi, nafs qurboni boʻldi. Muxtasar soʻz oʻrnida nima ham derdik, har kim oʻz qilgan ishiga javob beradi. Ham qonun, ham vijdon, ham Yaratgan oldida. Odamlar, koʻzingizni oching, hushyor boʻling!
Adiba UMIROVA, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring