Yashil makonlarni yaratishda yakranglik emas, rang-baranglik zarur

17:50 13 Mart 2023 Jamiyat
639 0

Foto: Xalq so‘zi

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, yurtimizda ignabarglilar sirasiga kiruvchi daraxtlarning baʼzi turlari bu yilgi qish qahratoniga dosh berolmadi. Ularning sargʻayib, qovjirab qolgan holatlarini bugun koʻplab manzillarda koʻrish mumkin. Bilmadik, mamlakat boʻyicha sovuq urgan bunday daraxtlar soni nechta ekan? Lekin shunisi maʼlumki, archa koʻchatlari boshqa nihollarga nisbatan ancha qimmat, yaʼni eng past narxi 20 ming soʻmdan kam emas.

Toʻgʻri, ignabarglilar yil davomida kislorod tarqatib, havodagi zararli gardlarni yoʻqotishi bilan ancha foydali. Lekin soʻnggi oʻn yilmi yo undan koʻp vaqt boʻldimi, yashillik yaratishda asosan shu nabotot turini ekishga zoʻr berildiki, qayerga qaramang va bormang, bir xil manzarani koʻrasiz: yoʻl chetida ham, ofislar hovlisida ham, maktablaru turar-joy ostonalarida ham - hamma yoqda archalar. Qishin-yozin bir tus.

Yaqinda xs.uz saytida ayni mavzuda bir xabar eʼlon qilindi. Unda shunday deyiladi: «Shvetsiyaning Gothenburg universiteti tadqiqotchilari mahalliy botanika bogʻidagi dendroparkda bir joyda oʻsadigan oʻn bir xil daraxtning barglarini yigʻib, qaysi moddalarni tutib qolganini tahlil qilishdi. «Bizning tahlillarimiz shuni koʻrsatdiki, turli turdagi daraxtlar har xil havoni ifloslovchi moddalarni oʻzlashtirish qobiliyatiga ega. Ignabargli daraxtlar odatda bargli daraxtlarga qaraganda gazsimon politsiklik aromatik uglevodorodlarni koʻproq oʻzlashtiradi. Ignabargli daraxtlarning yana bir afzalligi shuki, ular qishda, odatda havo ifloslanishi eng yuqori boʻlgan paytda havo tozalagich sifatida ishlaydi», deydi tadqiqot mualliflaridan biri Jenni Klingberg.

Biroq bargli daraxtlar kattaroq sirt maydondagi havodan zarrachalarni olib tashlashda sezilarli darajada yaxshi koʻrsatkichga ega ekan. Olimlar tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, havoni yanada samarali tozalash uchun shaharsozlikda har xil turdagi daraxtlarni birlashtirishni tavsiya etishmoqda», deya xulosa qilinadi mazkur xabarda.

Demak, shahar yashilligi va, umuman, yashil makonlar yaratishda rang-baranglikning har jihatdan foydasi katta ekanini olimlar ham tasdiqlamoqda. Ignabarglilar ham kerak, lekin yuqoridagi aytganimizdek, yashil makon yaratishda ularga asosiy daraxt sifatida qarash nafaqat landshaft bir xilligiga olib keladi, balki ekotizim barqarorligiga ham ziyon keltiradi. Deylik, qushlar deyarli ularga uya qurmaydi, parrandayu darrandalar, hasharotlarga boy ozuqa manbasi boʻlolmaydi. Eman yoki shumtoldek keng-moʻl va oromijon soya ham bermaydi. Chaman boʻlib gullab, koʻklam zavqini bermaydi: toʻrt faslda ham deyarli oʻzgarmaydi.

Ammo aslo ushbu fikrlarimiz bilan ignabargli daraxtlar kerak emas, degan xulosani ilgari surmayapmiz. Aniqrogʻi, «Yashil makon» loyihasi doirasida yaratilayotgan bogʻlarimiz, xiyobonu daraxtzorlarimiz har jihatdan foydali, koʻrkam va fayzli boʻlsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Yoʻl chetlaridagi yashilliklarning old qatorini manzarali, keyingi qatorlarni mevali qilgan va qilayotganlarning bu ishidan oʻtkan-ketgan zavqlanadi, ham yerdan samarali foydalanilib, inson tugul qushlaru qurt-qumurqalar uchun ham rizq yaratiladi. Yuqorida aytganimizdek, ekotizim ravon ishlaydi. Qolaversa, shakl berishda yigʻilib qoladigan shox-shabbalar ancha-muncha oʻtin ham boʻladi. Toʻkilgan barglar esa oʻgʻit.

Nima boʻlganida ham, «Yashil makon» umummilliy loyihasi tufayli yurtimizda yashillik yaratishga boʻlgan ishtiyoq va bu borada bajarilayotgan ishlar kuchaygani eʼtirofga loyiq. Faqat bu borada rang-baranglikka eʼtibor bersak, ham goʻzallik, ham fayzu baraka yaratamiz.

Ahmadali SHERNAZAROV,  «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер