“Yashil makon” loyihasi doirasida yashil maskan va bogʻlar barpo etilmoqda
Bugungi kunda yurtimiz boʻylab davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Paxtachi tumanida ham keng koʻlamli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tumanning Fay mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi Narpay kanali boʻyida joylashgan “Sohil boʻyi” dam olish hududida tadbirkor tashabbusi bilan koʻchat ekish ishlari olib borildi.
Ushbu hududda 1000 tup majevelnik va archa, 400 tup qayragʻoch, 200 tup buta gul koʻchatlari ekilib, sohil boʻyida soʻlim goʻsha va yashil belbogʻ barpo etildi.

Pastdargʻom tumanida esa joriy yil bahor mavsumida qariyb 700 ming tupga yaqin daraxt koʻchatlari ekilishi maqsad qilingan boʻlib, bu borada keng miqyosdagi ishlar boshlab yuborilgan.
Ushbu doiradagi tadbirlardan biri Elbek mahallasida oʻtkazilib, tumandagi korxona-tashkilotlar vakillari tomonidan boʻsh turgan yer maydoniga 4000 tupga yaqin mevali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.
Bu kabi ishlar tuman boʻylab barcha mahallalar, xonadonlar, tashkilot va idoralarda, fermer hamda dehqon xoʻjaligi maydonlarida davom etmoqda.

Toyloq tumanida ham “Yashil makon” loyihasi doirasida yangi bogʻ va tokzorlar barpo etish maqsadida navbatdagi koʻchat ekish tadbiri oʻtkazildi. Unda “R.Saidnazarov” nomli agrofirma hududidagi “Zarnigoroy Vaziraoy” fermer xoʻjaligining 4 gektar yer maydonida 5 ming dona tok, shaftoli, olcha, olxoʻri hamda malina koʻchatlari ekildi.
Bu kabi ezgu tashabbuslar hududlarning ekologik holatini yaxshilash, tabiatni asrash hamda aholiga yanada qulay va chiroyli dam olish maskanlarini yaratishga xizmat qiladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring