“Yapon moʻjizasi”ning siri nimada?
Davlatimiz rahbari Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening taklifiga binoan, rasmiy tashrif bilan Kunchiqar mamlakatda boʻldi. Tashrifning eʼtiborli jihati sifatida ikki davlatning oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish, investitsiyaviy, texnologik va moliyaviy-texnik hamkorlikni rivojlantirish borasidagi maqsadlari bir xilligini ham qayd etish lozim.
Ayniqsa, ishbilarmonlik va biznes sohasidagi tadbirlarning natijalari alohida ahamiyatga ega boʻldi. Binobarin, Yaponiyadagi yetakchi kompaniya va banklarning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hamda ¬ilgʻor texnologiyalarini jalb qilgan holda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvlarga erishilgani eʼtirofga loyiq.
Bu loyihalar, eng avvalo, Yaponiyaning ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasidagi ilgʻor yutuqlarini Oʻzbekiston iqtisodiyotiga yoʻnaltirishga qaratilgani bilan ham eʼtiborlidir.
Prezidentimizning Yaponiyaga tashrifi doirasidagi tadbirlar, muzokarayu uchrashuvlarni kuzatar ekanmiz, ushbu mamlakat taraqqiyotining muhim asoslaridan biri boʻlgan kompaniya va tashkilotlarni boshqarish sohasidagi yutuqlari borasida baʼzi mulohazalar tugʻildi.
Yaponiya iqtisodiyotida, jumladan, ilgʻor texnologiyalar, innovatsion ishlanmalar, ilm-fanga asoslangan holda yuqori sifatli, xaridorgir tovar va mahsulotlar ishlab chiqarish hamda xizmatlar koʻrsatish sohalarida bugun erishilgan yutuqlar dunyoda “yapon moʻjizasi” deb atalishi barchamizga maʼlum.
Bu nima degani? “Yapon moʻjizasi” — bu boshqarish tizimlarining oʻziga xos tashkil etilishi va rivojlantirilishi bilan bogʻliq boʻlib, tashkilotlarda va umuman, jamiyatda odamlar oʻrtasidagi hamkorlik, hamjihatlik, doʻstona munosabatlar chuqur qaror topgan, qadr-qimmat masalasi yuqori darajada qadrlanadi.
Bu esa, oʻz navbatida, oʻzbek va yapon xalqlarining oʻxshash jihatlari koʻp ekanidan, xususan, milliy va axloqiy qadriyatlar, birdamlik, mehnatsevarlik, mehr-oqibat kabi fazilatlar xalqlarimiz uchun birdek xos ekanidan dalolat beradi.
Toʻgʻri, Yaponiya boshqaruv tajribasi nazariy jihatdan ham, amaliy jihatdan ham mutlaqo yangi, takrorlanmas emas. Ammo yaponlar boshqaruv ilmi tamoyillarini kundalik faoliyatida oddiygina qilib qoʻllamoqda. Yutuq — shunda! Misol uchun, ishi yurishmagan “Nissan” kompaniyasi bosh¬qaruvini oʻz qoʻliga olib, 1-1,5 yil ichida inqirozdan chiqara olgan top-menejer Karlos Gorn oʻzining “Men yaponlardan nimani oʻrgandim?” mavzuidagi chiqishida bir necha omillarni sanab oʻtadi. Jumladan, yaponlar oldiga oʻta murakkab vazifa va masalalarni qoʻymaslikka intiladi, ustuvor masalalarni aniq belgilaydi. Yangicha fikrlaydigan, izlanuvchan va tashabbuskor kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish va yangilash asosida boshqarish (menejment)ni muntazam takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Albatta, oddiy, biroq kuchli salohiyat, “temir” intizom, asl vatanparvarlikka asoslangan ana shunday qoidalar tufayli Kunchiqar yurt bugungi taraqqiyotga erishdi.
Prezidentimizning rasmiy tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyalar va biznes sohalarida erishilgan kelishuv hamda shartnomalar mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy rivojida alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, Yaponiya kompaniyalarining boshqaruv sohasidagi ilgʻor tajribalari yurtimiz iqtisodiyotiga keng joriy etilib, ommalashishiga ham jiddiy turtki beradi, deb ishonaman.
Abdurashid TOʻXTABAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring