Yangilanish, taraqqiyot va istiqbol

14:16 09 Dekabr 2019 Jamiyat
1442 0

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi hamda qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni Fargʻonada katta tantana sifatida nishonlandi.

Bu yilgi bayram shukuhi barcha fargʻonaliklarga oʻzgacha xush kayfiyat baxsh etdi. Fargʻona shahrida Islom Karimov nomidagi viloyat Teatr-konsert saroyining muhtasham maydonida balandligi 67 metr, hajmi 20 metrga 10 metr boʻlgan Davlat bayrogʻi oʻrnatildi.

Konstitutsiya bayrami tantanalariga jamuljam boʻlgan hamyurtlarimiz Fargʻona shahrining markaziy koʻchalari, Teatr-konsert saroyi maydoni boʻylab harbiy orkestr sadolari ostida mamlakatimiz bayrogʻini olib oʻtayotgan harbiylarimizni gulduros qarsaklar bilan olqishladilar. Harbiylar, mashhur sportchilar, viloyatimizning faol yoshlarining saf tortib oʻtishi samolarda hilpirayotgan bayrogʻimiz ostidagi unutilmas tadbir bilan davom etdi.

Tantanali tadbirda viloyatimizdagi toʻrtta sektor, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, viloyat hokimligi boʻlim va boshqarmalari rahbarlari, ziyolilar, barkamol avlod vakillari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Xalqimizning baxtli va farovon hayot kechirishi, farzandlarimiz uchun munosib yashash sharoiti yaratish – Konstitutsiyamizning bosh maqsadidir. Shu kuni viloyat Teatr-konsert saroyida mumtoz musiqalarimiz jarang sochib, Fargʻona va Quvasoy shahrida istiqomat qilayotgan 54 nafar kam taʼminlangan oilalar va nogironligi bor shaxsga imtiyozli tarzda taqdim etilayotgan yangi uylar sertifikatlari hamda xonadon kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan inson qadr-qimmatini eʼzozlash borasidagi ezgu saʼy–harakatlar viloyatimizda ham oʻz aksini topmoqda, –dedi viloyat rahbari. – Davlatimizning bunday yuksak eʼtibori va ragʻbati ushbu oilalar aʼzolariga olam-olam quvonch baxsh etadi. Ishonamizki, mehr-eʼtiborga sazovor bu oilalarda jamiyat rivojiga hissa qoʻshadigan yaxshi farzandlar tarbiyalanadi.

Quvasoylik Malika Ibrohimova imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, guldek hunari – chevarchiligi bilan elda hurmat topgan. U yangi yilni oʻz shahrida qurib bitkazilgan ikki xonali yangi uyda kutib olish baxtiga muyassar boʻlganidan behad mamnun. Viloyat hokimi, toʻrtta sektor rahbarlaridan yangi uylar kalitini qabul qilib olgan u kabi barcha hamyurtlarimiz Prezidentimizga cheksiz minnatdorchiliklarini izhor etishdi.

Shundan soʻng viloyat Teatr-konsert saroyi tantanalar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda viloyatimiz faollari, senator va deputatlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, korxona-tashkilotlar rahbarlari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tantanali bayram tadbirini viloyat rahbari Sh. Gʻaniyev ochib, Bosh qomusimiz bugungi baxtli hayot va nurli kelajagimiz timsoli, Vatan taraqqiyoti, yurtimizdagi har bir inson huquq va erkinliklarini kafolatlovchi muhim hujjat ekanligini taʼkidladi. Bayram tadbiri qatnashchilarini qutlugʻ sana bilan muborakbod etdi.

Oʻzbekiston Qahramoni, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligi rahbari Lolaxon Murotova tadbir qatnashchilarini qoʻshaloq bayramlar bilan tabrikladi.Bayram shodiyonasi davomida Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh fidoyi hamyurtlarimizga “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi fidoyisi”, “Suv xoʻjaligi aʼlochisi”, “Mehnatkash dehqon”, “Ilgʻor fermer”, “Namunali tomorqachi”, “Fidoyi kengash raisi” singari koʻkrak-nishonlari tantanali ravishda taqdim etildi.

–Klaster tizimi juda katta samara berib, tumanimiz mamlakatimizda birinchilardan boʻlib paxta topshirish shartnoma rejasini bajarishga muvaffaq boʻldi. Yozyovonning bu yutugʻi Prezidentimizning qishloq xoʻjaligi xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigida alohida eʼtirof etilgani tuman ahlini juda ham quvontirdi, –deydi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi fidoyisi” koʻkrak-nishoni bilan taqdirlangan Yozyovon tumani hokimi Yoʻlchiboy Boyigitov. – Bugun tumandagi toʻrtta sektor rahbarlari, ilgʻor fermerlarimiz bunday mukofotlarga sazovor boʻlgani kelgusi faoliyatimiz uchun ragʻbatdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер