Yangilanayotgan Bosh qomusimiz mohiyati xorijlik ekspertlar nigohida

20:45 17 Aprel 2023 Siyosat
670 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida xorijiy ekspertlar ishtirokida “Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmuni va mohiyati: yangi Oʻzbekiston — yangilanayotgan Konstitutsiya” mavzuida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, xalqaro ekspertlar, olimlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov kirish soʻzi bilan ochdi va Oʻzbekiston juda katta siyosiy, tarixiy jarayon ostonasida turgani, mamlakat Konstitutsiyasi ilk bor referendum orqali qabul qilinayotganini eʼtirof etib, konstitutsiyaviy islohotning oʻziga xos xususiyatlari, bu borada olib borilgan ishlar toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda erishilgan yutuqlar — iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, soʻz va eʼtiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani ortga qaytmaslikning konstitutsiyaviy kafolatini taʼminlash hamda amaldagi Konstitutsiyamizni takomillashtirishni taqozo etdi.

Bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun, ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qoʻyish talab etilayotgandi.

Xalqaro davra suhbati ishtirokchilari alohida qayd etganidek, yangilanayotgan Konstitutsiya matni bir guruh olim, mutaxassislar tomonidan emas, balki xalqning, keng jamoatchilikning taklifi va fikri asosida ishlab chiqildi. Konstitutsiyaviy islohotlarning dastlabki ikki bosqichida xalqning fikri, takliflari oʻrganildi va shu asosda Bosh qomus loyihasi tayyorlangani Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh qomusimiz tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganidan dalolat beradi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida Oʻzbekiston “suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” ekanligi hamda ushbu prinsipial qoidalarni oʻzgartirish mumkin emasligi alohida belgilab qoʻyilmoqda. Kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha davlat oʻziga qator yangi majburiyatlarni olmoqda. Umuman, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar koʻpaytirilyapti.

Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilanmoqda. Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi taʼminlanishi kafolatlanmoqda.

Aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanayotganligi aholi salomatligini asrash hamda onalar va bolalar oʻlimi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda davlatning majburiyatini belgilashda juda muhim ahamiyatga egadir.

Mazkur konstitutsiyaviy qoidalar bundan buyon ham Oʻzbekistonda xalq manfaatlari koʻzlangan islohotlar yoʻlidan ortga qaytmaslik, qonun va adolat ustuvorligi, insonga eʼtibor va gʻamxoʻrlik kabi muhim qadriyatlar bardavom boʻlishini anglatadi.

Dunyoning 20 dan ortiq davlatlaridan 30 ga yaqin xalqaro ekspertlar, siyosatshunos va mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda soʻz olgan maʼruzachilar yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiq koʻpaygani, shuningdek, aksariyat normalar xalqparvar davlat qurish, kuchli parlament, ixcham hamda masʼuliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etish maqsadiga yoʻnaltirilayotganligini alohida qayd etishdi.

Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan maʼmuriy islohotlarning maqsadi va vazifalaridan kelib chiqib, parlamentning yuqori palatasi — Senat hamda Qonunchilik palatasining vakolatlari kengaytirilmoqda. Yaʼni, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining masʼuliyat sohasi aniq belgilanmoqda. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa 14 tadan 18 taga koʻpaymoqda.

Xususan, Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqish va maʼqullash, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasi raisining hisobotini eshitish kabi muhim vakolatlar bevosita Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari etib belgilanmoqda. Kiritilayotgan ushbu oʻzgarishlar quyi palataning vakillik tabiatiga va ilgʻor xorijiy tajribaga toʻliq mos keladi.

Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yillik milliy maʼruzani eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini amalga oshirish kabi muhim vakolatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlariga kiritilmoqda.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bagʻishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.

Tadbir ishtirokchilarining taʼkidlashicha, yangilanayotgan Konstitutsiya “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatining jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi.

Davra suhbatida Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari ham soʻz olib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartishlar, ularning partiya dasturiy maqsadlariga toʻla mosligini taʼkidlab oʻtdilar.

Konstruktiv ruhda oʻtgan davra suhbatida xorijlik qatnashchilar mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohaza va munosabatini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер