Yangi“Xonqa” sanatoriyasi foydalanishga topshirildi

12:48 26 Avgust 2024 Jamiyat
428 0

Odilbek Odamboyev/“Xalq soʻzi”. Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami arafasida Xorazm viloyatida istiqlolning yana bir muazzam inshooti – “Xonqa” sanatoriyasining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T. Xudayberganov va boshqa rasmiylar, yozuvchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, kasaba uyushmalari faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar yurtimizda inson manfaatlarini taʼminlash, el salomatligi yoʻlida olib borilayotgan ezgu ishlar xususida toʻxtaldi.

— Butun mamlakatimiz boʻylab keng quloch yoygan ulkan bunyodkorliklar yurtimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirib, shahar-u qishloqlarimiz jamolini tanib boʻlmas darajada koʻrkamlashtirmoqda, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyaning Xorazm viloyati kengashi raisi Gulsara Qurbanbayeva. — Urganch shahrida barpo etilayotgan al-Xorazmiy shaharchasi, Buxoro – Xiva temir yoʻlini elektrlashtirish va “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi qatnovining yoʻlga qoʻyish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, Xivada bunyod etilayotgan xalqaro turizm markazi kabi yirik loyihalar ana shular jumlasidan. “Xonqa” sanatoriyasi uchun qoʻshimcha yangi bino qurish tashabbusi ham viloyatimizga tashrifi davomida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan edi. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bu xayrli loyihani sidqidildan qoʻllab-quvvatlab, qisqa fursatlarda mana shunday muhtasham binoni xalqimizga tuhfa etdi.

“Xonqa” sanatoriyasi asab, yurak qon-tomir tizimi, ginekologik, tayanch-harakat aʼzolari kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan boʻlib, 795 metr chuqurlikdan olinadigan shifobaxsh maʼdanli suvi dam olishga talabgorlar oqimining katta boʻlishida asosiy omil boʻlib kelgan. Biroq, sanatoriyaning kam quvvatli eski binosi bu sigʻimni koʻtara olmas edi. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 150 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflab bunyod etilgan va eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan 200 oʻrinli yangi bino yiliga 7000 nafar yurtdoshlarimizni yaxshi dam olib, salomatliklarini mustahkamlashlariga imkoniyat yaratadi.

— Orolboʻyi aholisi va Respublikamiz xalqiga qariyb oltmish yildan buyon xizmat qilib, minglab yurtdoshlarimiz salomatligini tiklashda muhim oʻrin tutib kelayotgan sogʻlomlashtirish maskani tarixida yangi sahifa ochilmoqda, — deydi “Xonqa” sanatoriyasi rahbari Shuhrat Sobirov. — Sanatoriya yangi binosining foydalanishga topshirilishi eldoshlarimiz uchun qutlugʻ sanaga munosib toʻyona boʻldi. Aminmanki, yangi sihatgoh uzoq yillar xalqimizga, elda aziz va mukarram faxriylarimizga haqiqiy shifo, izzat va eʼtibor maskani boʻlib xizmat qiladi!

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер