Yangihayotda 10dan ortiq “Yoshlar bogʻi” quriladi

16:29 22 Aprel 2021 Jamiyat
1605 0

Yangihayot tumani hokimligi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tumanning «Al-Fargʻoniy» va “Charogʻon” mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida media-tur tashkil etildi.

Dastlab jurnalistlar «Al-Fargʻoniy» mahallasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishtirildi. Mahallada 1 oy davomida olib borilgan ishlar natijasida, 5 ta koʻp qavatli uyning fasad qismi yangilandi, 2 ta tom joriy taʼmirlanib, ichki koʻchalarning 983 metr.kvadrat qismiga asfalt yotqizilgan, 2100 kv.metr qismiga beton yotqizilgan.

Bundan tashqari mahalla bolalari uchun 3 ta bolalar maydonchasi qurilgan, 1 ta “Street workout” oʻrnatilib, futbol maydonchasi qurilgan, voleybol va basketbol maydonlari esa qurilish jarayonida.

“Oʻn besh yildan beri shu mahallada yashayman, bu joylarning avval qanday holatda boʻlganligini tasvirlab ham bera olmayman, uylarimiz atrofi juda xarob edi. Bir oyni ichida shuncha oʻzgarish, hech kim kutmagandi. Eng asosiysi farzandlarimiz xursandi, zamonaviy bolalar maydonchasida miriqib oʻynashyapti”, deydi «Al-Fargʻoniy» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Tursunoy Qosimova.

Qayd etilishicha, hudud atrofini koʻkalamzorlashtirish maqsadida, 1000 ga yaqin manzarali daraxtlar oʻtqazildi, aholi dam olishi uchun 3 ta ayvoncha, 12 ta oʻrindiq oʻrnatilmoqda.

Media-turda maʼlumot berilishicha, 2021-yil – Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili munosabati bilan hamda 5 ta muhim tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida, tumanda “Yoshlar bogʻi” sayilgohi tashkil etilmoqda. Tuman hokimi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan ushbu bogʻ hozirda «Al-Fargʻoniy», “Charogʻon” va “Yangi Turmush” mahallalarida bunyod etilmoqda.

«Oʻn yildan beri «Al-Fargʻoniy» mahallasida turli lavozimlarda ishlab kelyapman. Mahallamiz eʼtibordan chetda qolgan edi va biz Yangihayot tumaniga oʻtganimizdan keyin obodonlashtirish ishlari jadal boshlab yuborildi. Mahallamizda 6,5 mingdan ziyod fuqaro yashaydi. Avvallari aholidan juda koʻp shikoyatlar boʻlardi, chunki yoʻllar ayanchli ahvolda edi, yogʻingarchilik vaqti hamma joy loy boʻlib, koʻlmakka aylanardi. Bu muammolarni hal etish uchun yordam soʻrab murojaat qilmagan tashkilotmiz ham qolmagan edi. Tumanimiz hokimligi qilgan bugungi obodonlashtirish ishlaridan aholimiz juda minnatdor, shikoyatlar soni keskin kamaydi. Mahallamizda yoshlar uchun zamonaviy kutubxona, yoshlar bogʻi qurilyapti, biz bu eʼtibordan juda xursandmiz», deydi «Al-Fargʻoniy» MFY raisi Nargiza Isakova.

Yil soʻngiga qadar 10 dan ortiq shunday “Yoshlar bogʻi” sayilgohlari aholining, xususan, yoshlarning dam olishi va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida yaratiladi.

Ilk “Yoshlar bogʻi” nomli sayilgoh “Charogʻon” mahallasida tashkil etilmoqda. Ushbu sayilgohdan 2 ta bolalar maydonchasi va 1 ta “Street workout” oʻrin olgan. Hududda 1200 ta archalar va manzarali gullar ekildi. Shuningdek, sayilgohda bolalar uchun qoʻshimcha attraksionlar oʻrnatish, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kitobxonlikka jalb etish maqsadida kutubxona qurish ham rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер