Yangiyer shahrida biotexnologik mahsulotlar texnoparki quriladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Xitoy Xalq Respublikasining Tianjin fan va texnologiyalar universitetining yuqori texnologik innovatsion texnoparki direktori Bovi Chjanni qabul qildi, deb xabar qildi Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.
Muloqot chogʻida “Yangiyer” erkin iqtisodiy zonasi hududida 50 million AQSH dollarilik biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnopark barpo etish masalasi muhokama qilindi.
Viloyat rahbari Sirdaryoning transport-logistika infratuzilmasi, biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida toʻxtalib, investorlarning innovatsion texnologiyalar va zamonaviy ilmiy yutuqlarni sanoat tarmoqlariga joriy etish borasidagi takliflarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Bovi Chjan texnoparkda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan mahsulotlar, Toshkent kimyo texnologiyalar instituti Yangiyer filiali bilan hamkorlikda tashkil etiladigan ilmiy-tadqiqot markazi va zamonaviy ilmiy laboratoriya xususida toʻxtalib oʻtdi.
Qayd etilishicha, mazkur texnoparkda ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda yirik shoxli qoramol suyaklaridan suyak oqsili, shirinmiya oʻsimligidan shakar oʻrnini bosuvchi biomahsulotlar, vitaminlar, antioksidantlar olish, shuningdek, Xitoy texnologiyasi asosida bugʻdoy, soya, makkajoʻxori va dukkakli mahsulotlardan ferment mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Bundan tashqari umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etadigan texnopark qoshida logistika va bojxona markazini tashkil etish ham nazarda tutilgan. Loyiha ishga tushishi natijasida 500 ta yangi ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.
Yakunda qoʻshma ishchi guruhlar tuzish va loyihani amalga oshirish davomida yuzaga keladigan masalalar boʻyicha doimiy muzokaralar olib borishga kelib olindi.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring