«Yangi varq»da yangi mahalla binosi qad rostladi
Foto: Xalq so‘zi
Prezidentimizning 2022-yil 25-oktyabrdagi «2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori hududlarni obod qilish, qishloq va mahallalar hayoti bilan bogʻliq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, ichki yoʻllar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz taʼminotini, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma obyektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida yangi bunyodkorliklarga eshik ochdi. Mazkur qaror doirasida Navoiy viloyati Karmana tumanidagi «Yangi varq» MFY idorasi uchun yangi bino qurilib, foydalanishga topshirilishi Navroʻz bayrami hamda Mahalla tizimi xodimlari kuniga chinakam sovgʻa boʻldi.
— Shu kunga qadar mahallamiz oʻz binosiga ega emas edi, — deydi MFY raisi Hamid Ochilov. — Xonadonlarda faoliyat olib borar edik. Albatta, bu bir qator noqulayliklar tugʻdirardi.

Taʼkidlash joiz, «Yangi varq» mahalla fuqarolar yigʻini 2022-yil 1-yanvardan rasman faoliyatini boshlagan boʻlib, unga 720 xonadonning 3 ming 515 nafar aholisi birlashgan. Yangi binoda nafaqat xodimlar va faollarning samarali ish olib borishi, balki turli tadbirlar hamda mahalla yoshlarining boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun ham barcha qulayliklar yaratilgan.
— Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalangan holda mahalladoshlarimizning turmush tarzini yanada yaxshilash, ishsizlik darajasini kamaytirish uchun bor kuch-gʻayratimizni ishga solamiz, — deydi mahalla faoli, mehnat faxriysi Azim bobo Jabborov. — Ayniqsa, mahallamizdagi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, uyushmagan yoshlar bilan ishlashda bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar qoʻl keladi, deb oʻylayman.
Temur ESHBOYEV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring