Yangi tahrirdagi Konstitutsiya yoshlarimiz ijtimoiy faolligining huquqiy kafolati

00:00 08 Dekabr 2023 Jamiyat
282 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Maʼlumki, ijtimoiy faollikda insonlardagi qiziqishning harakat omiliga aylanishi hamda bilishga nisbatan kuchli xohishning paydo boʻlishi, maqsadni qoʻyish hamda voqelikni oʻzgartirish bilan chambarchas bogʻliq boʻladi. Shuning bilan birga ijtimoiy faollikning kuchayishi natijasida ishlab chiqarishni jadallashtirish, fan-texnika taraqqiyotini rivojlantirish, ijtimoiy munosabatlar va shaxs oʻzini oʻzi takomillashtirishning eng muhim shartidir. Fuqarolar ijtimoiy faolligining oʻsishi eng yaxshi insoniy xislat va fazilatlarni rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishni nazarda tutadi. Yoshlarning ijtimoiy faolligi shaxs xulq-atvorining ichki motivatsiyasi, uning intilishlari, ehtiyojlari va qiziqishlari bilan chambarchas bogʻliq. Shuningdek, shaxsning ijtimoiy faolligi konformistik xarakterga ega boʻlib, voqelikka tanqidiy munosabatni anglatadi. Natijada u mamlakatda va dunyoda sodir boʻlayotgan voqealarni mustaqil ravishda tushunishga doimiy ehtiyojni, hayotni yaxshilashga intilishini oʻzida mujassamlashtiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 33-moddasida “Fuqarolar oʻz ijtimoiy faolliklarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yigʻilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar oʻtkazilishini toʻxtatish yoki taqiqlash huquqiga ega” deb belgilab qoʻyilgan. Mazkur moddaning tarkibiy qismi sifatida “Yoshlarda ijtimoiy faollikni oshirishning huquqiy kafolatlari” degan bandni kiritish maqsadga muvofiqdir. Darhaqiqat yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish orqali jamiyat hayotimizdagi islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, insonlar ongida shukronalik hissini tarkib toptirish hamda islohotlarga nisbatan taʼsirchanlikning kuchaytirishga erishish mumkin.

Shu oʻrinda yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan targʻibot va tashviqot ishlari ijtimoiy faollikni shakllantirishning muhim mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Yoshlarimiz tomonidan amalga oshirilayotgan targʻibot ishlarida doirasida ular ijtimoiy muammolarga yangicha, qiziqarli tarzda yondashishga harakat qilishlar kuzatiladi. Bu orqali yoshlarimizni foydali ishlarga qiziqtirish va yoʻnaltirish muhim hisoblanadi. Shuningdek, yoshlarimiz har qanday insonlar ommasiga birdek kirib borishi hamda ularga taʼsir koʻrsatishning oʻziga xos usullari va strategiyalarini bilishlari ham doim qoʻl kelganligi tajribalardan maʼlum. Xususan, yoshlarimizda ichki joʻshqinlik, ishtiyoq, doimiy koʻtarinki kayfiyat, amalga oshirgan faoliyatining natijasidan rozilik hissining ustunligi, siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy bilimlarni tezkorlik bilan oʻzlashtirishi ijtimoiy faollikning amalga oshirilishida ustuvor omil boʻlib xizmat qiladi.

Z.Sh.Alimardonov,

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash kafedrasi, boshligʻi p.f.f.dok (PhD), dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер