Yangi saylangan deputatlarning faoliyatini xalq sezishi kerak
Davlatimiz rahbari Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq deputatlarni xalqning haqiqiy vakillari, uning xohish-irodasi va manfaatlarining tom maʼnodagi ifodachisi sifatida eʼtirof etib, ular bilan uzluksiz muloqotda boʻlib kelmoqda.
Bu haqda gapirganda 2017-yilning 12-iyul kuni Prezidentimizning Oliy Majlis palatalari aʼzolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillari bilan boʻlib oʻtgan, mamlakatimiz siyosiy hayotida gʻoyat muhimligi bilan tariximiz sahifalaridan oʻrin olgan uchrashuvini alohida taʼkidlash joiz.
Mamlakatimiz rahbarining mazkur uchrashuvdagi dasturiy maʼruzasida parlamentimiz va hokimiyat vakillik organlari uchun yangi siyosiy yoʻl belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi esa xalq xohish-irodasi, ehtiyojlarini inobatga olgan holda yaqin istiqbolga moʻljallangan taraqqiyotni belgilovchi dasturilamal hujjat boʻldi.
Negaki, mazkur hujjatda asosiy eʼtibor “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasi qoidalarini mujassamlashtirgan holda davlat va jamiyat qurilishini tub oʻzgarishlarga qaratildi hamda davlat boshqaruvi sohasidagi yangilanishlar parlament faoliyatini chuqur isloh qilishdan boshlandi.
Birinchi navbatda, parlament va siyosiy partiyalarning roli yana-da kuchaytirilganini taʼkidlash joiz. Senator va deputatlarning qonun loyihalarini koʻrib chiqish bilan cheklanib qolmay, balki joylarga chiqib, xalqning turmush darajasidan xabardor boʻlish, odamlarni qiynayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda bevosita qatnashishi belgilandi.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari mahalliy kengash deputatlari bilan birgalikda fuqarolarni tashvishlantirayotgan muammolarni, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni aniqlash uchun hududlarda boʻlib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazmoqda.
Koronavirus pandemiyasi tufayli kiritilgan qator cheklovlar davrida ham 53 nafardan iborat deputatlarimiz oʻz saylovchilari bilan aloqani uzmadi. Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarning ahamiyatini aholi, ayniqsa, tadbirkorlarga tushuntirish, mazkur hujjatlarning ijrosini taʼminlash borasida joylarda amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrganmoqda. Mahalliy va respublika darajasidagi deputatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan uzoq yillar davomida oʻz yechimini topmay kelayotgan koʻplab masalalar tezkor ravishda hal etilyapti.
Taʼkidlash joizki, har bir qonunning, taʼbir joiz boʻlsa, koʻzi, oyogʻi, ijrosi boʻlishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda oʻzgarish boʻlishi kerak. Shu sababli fraksiyamiz aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, Qonunchilik palatasida muhokama qilingan koʻplab qonun loyihalarining takomiliga yetkazishda oʻzlarining amaliy takliflari bilan faol ishtirok etmoqda. 4 ta qonun loyihasi deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan boʻlsa, ulardan bittasi faqat OʻzLiDeP fraksiyasining aʼzolari tashabbusi bilan, yana biri boshqa parlamentariylar bilan birgalikda ishlab chiqilgan.
Fraksiya tomonidan parlament nazoratining barcha shakllaridan foydalanilgan holda, sohaviy vazirlik va davlat qoʻmitalari faoliyati ustidan samarali parlament hamda deputatlik nazoratini amalga oshirish boʻyicha muayyan ishlar olib borildi.
Xususan, OʻzLiDeP fraksiyasining tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Hukumat soati”da Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi «Yer maydonlarini tanlash va tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalarini ajratish, yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yer fondining samarali ishlatilishi boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi masala yuzasidan deputatlarning savollariga javob berdi.
Fraksiya tashabbusi bilan Qonunchilik palatasining majlisida tashkil etilgan parlament eshituvida esa, Qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xodjayevning “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi bajarilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti tinglandi.
“Yoshlar parlamenti” Oliy Majlis va davlat hokimiyatining boshqa organlariga katta yordam beradi
Oʻzbekiston – yoshlar mamlakati. Biz ertangi kunimizning tayanchi va suyanchi boʻlmish yosh avlodimizni yangicha, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, shu yurtning haqiqiy egasi, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir insonlar boʻlib voyaga yetkazish har qachongidan ham muhimdir.
Shu boisdan, keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar natijasida yurtimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzurida tashkil etilgan “Yoshlar parlamenti”ning asosiy maqsadlari ham yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlaridan xabardorligini oshirish, ushbu jarayonda kechadigan yangi va ustuvor yoʻnalishlarni belgilashda yoshlarning faolligini, ularning siyosiy bilimlarini oshirish va vatanparvarlik ruhini kuchaytirishdan iboratdir.
Ishonchimiz komilki, Yoshlar parlamenti tarkibida oʻz faoliyatini boshlayotgan barcha yigit-qizlarimiz yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning siyosiy-huquqiy bilim va koʻnikmalarini boyitish, qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish, qabul qilingan qonunlarni yoshlar orasida keng targʻib qilishda, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlikning oldini olishda Oliy Majlisga va davlat hokimiyatining boshqa organlariga katta yordam beradi.
"Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!"
Bugun koʻpni koʻrgan xalqimiz pandemiya tufayli yuzaga kelgan ogʻir va sinovli kunlarni matonat bilan yengib oʻtib, «Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!» degan ezgu gʻoya atrofida yana-da jipslashmoqda.
Mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan ushbu shior erishgan yutuqlarimizdan gʻururlanish bilan birga, mamlakatimiz ravnaqi uchun masʼullikni oshirish, yurt kelajagi va gullab-yashnashi uchun befarq boʻlmaslikka undaydi.
Xalq roziligi, Vatan taraqqiyoti yoʻlida keyingi toʻrt yilda chorak asrda ham amalga oshmagan, xalqimiz hayoti va dunyoqarashini tubdan oʻzgartirib, jahon hamjamiyatida mamlakatimiz obroʻ-eʼtiborini oshirib yuborgan yuzlab islohotlar amalga oshirilganini ham alohida taʼkidlashni istardim. Ichki va tashqi siyosat, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda qilingan ishlarni birma-bir sanashga hojat yoʻq. Zero, ushbu islohotlar natijasi kundalik hayotimizda oʻz aksini topyapti.
Barchamiz uchun tabarruk boʻlgan uch soʻz bor: — Imon, Vatan va Istiqlol. Bu soʻzlarning mazmun-mohiyatini bugun har birimiz yurakdan his etib turibmiz. Vatan – bu muqaddas zamin, buyuk ajdodlarimiz yurti va kelajak avlodlarimiz iftixoridir. Uni avaylab-asrash, uning bagʻrida ertangi kunga umid bilan yashash, imon va muhabbat tayanchidir.
Negaki, inson uchun ona Vatanidan azizroq makon yoʻq bu dunyoda. Chunki Yer yuzida Oʻzbekistonimiz — yakkayu yagona. Biz u bilan har qancha faxr-iftixor qilsak ham kam. Bunga uning boy oʻtmishi ham, ravnaq topayotgan buguni ham, porloq kelajagi ham toʻla asos beradi.
Xalqimiz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan qutlugʻ sana – Oʻzbekiston davlat mustaqilligi eʼlon qilingan kunning 29 yilligi barchamizga muborak boʻlsin!
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring